O‘zbekistonda 500 dollargacha valutani pasportsiz sotib olishga ruxsat berilishi mumkin

Kecha 19:372 daqiqa

Shuningdek, bank mijozlarini identifikatsiya qilishda nafaqat pasportning asli, balki uning elektron shakli ham tan olinishi mumkin.

O‘zbekistonda 500 dollargacha valutani pasportsiz sotib olishga ruxsat berilishi mumkin

Tijorat banklaridan 500 dollargacha naqd valutani pasportsiz sotib olish mumkin bo‘ladi. Bu haqda Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan qaror loyihasida keltirilgan.

Qonunchilikka kiritilishi rejalashtirilayotgan o‘zgarishlar bilan, jismoniy shaxslar tomonidan chet el valutasini sotib olishda shaxsni tasdiqlovchi hujjat talab etiladigan 100 AQSH dollari limiti 500 AQSH dollarigacha oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, identifikatsiyasiz amalga oshiriladigan boshqa bir martalik operatsiyalar chegarasi ham bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravarigacha (175 mln so‘m) etib belgilanishi mumkin.

Loyihaga ko‘ra, bank mijozlarini identifikatsiya qilishda nafaqat pasportning asli, balki uning elektron shakli (Yagona portal yoki «Ijtimiy karta» ilovasi orqali) ham tan olinadi. Bundan tashqari, haydovchilik guvohnomasining yangi namunasi ham shaxsni tasdiqlovchi hujjat sifatida qabul qilinadi.

Ayrimlar uchun nazorat kuchayadi?

Yengilliklar bilan birga, ayrim yo‘nalishlarda nazorat mexanizmlari ham aniqlashtirilmoqda:

• 16 yoshga to‘lmaganlarning hisobvaraqlaridan ikki kun ichida BHMning 40 baravaridan (14 mln so‘mdan) ortiq mablag‘ aylansa, bu shubhali operatsiya deb topiladi.

• Yuqori xavfli davlatlar: FATF (FATF) ro‘yxatidagi «qora» va «kulrang» ro‘yxatga kirgan davlatlardan 30 kun ichida BHMning 1000 baravaridan ortiq pul kelsa yoki yuborilsa, alohida nazoratga olinadi.

• Bir oy davomida kartaga 1000 BHM miqdorida pul tushishi ham monitoring qilinadi (ko‘chmas mulk va mashina oldi-sotdisi bundan mustasno).

Hujjat hozircha loyiha bosqichida bo‘lib, 2026-yilning 4-apreliga qadar jamoatchilik muhokamasidan o‘tadi.

Mavzuga oid