Eron uchun AQSHning tinchlik rejasi haqidagi yangiliklar fonida neft narxi 100 dollardan pastga tushdi

Kecha 13:254 daqiqa

Vashington Tehronga 15 bandli tinchlik rejasini yuborib, jumladan yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralarini topshirishni talab qilgan, deb xabar bermoqda ommaviy axborot vositalari. «Axios» ma’lumotiga ko‘ra, Eron rejaning bir nechta bandlariga rozilik bildirgan.

Eron uchun AQSHning tinchlik rejasi haqidagi yangiliklar fonida neft narxi 100 dollardan pastga tushdi

AQSH Yaqin Sharqdagi urushni to‘xtatish bo‘yicha Eronga reja yubordi. Bu haqda 24-mart kuni «The New York Times» gazetasi ikki mansabdor manbaga tayanib xabar berdi. 15 banddan iborat hujjat Pokiston orqali Eron rahbariyatiga yetkazilgan.

«The New York Times» gazetasining yozishicha, tashabbusni muhokama qilish uchun AQSH bir oylik o‘t ochishni to‘xtatishga erishishga harakat qilmoqda. Reja Eronning yadroviy dasturini tugatish, proksi-guruhlarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovini qayta tiklashni o‘z ichiga oladi, deb yozadi «Reuters» Isroil OAVlariga tayanib.

Bu yangiliklar AQSH prezidenti Donald Trampning dengiz piyodalariga qo‘shimcha ravishda strategik obyektlar va chet hududlardagi aerodromlarni egallash bo‘yicha ixtisoslashgan desantchilarni mintaqaga joylashtirish buyrug‘i ortidan paydo bo‘lgan yangi keskinlashuv xavotirlarini ortda qoldirdi, deb qayd etadi «Trading Economics».

Isroilning «N12» telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, reja Eronning yadroviy qurol ishlab chiqishdan voz kechishi hamda boyitilgan uran zaxiralarini Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE)ga topshirishini nazarda tutadi.

«Axios» nashri manbasiga tayanib yozishicha, AQSH prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff Donald Trampga Eron rejaning bir qator asosiy bandlariga, jumladan yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralarini topshirishga rozi bo‘lganini ma’lum qilgan. Tehronning rasmiy munosabati hozircha ma’lum emas. Shuningdek, Isroilning ushbu tinchlik rejasiga qanday munosabatda ekani ham noaniq. Isroil AQSH bilan birga so‘nggi to‘rt hafta davomida Eronga zarbalar berib kelmoqda.

Tramp 23-mart kuni Eron rahbariyati bilan «samarali muzokaralar» bo‘lganini aytgan. Shuningdek, u Eronning energetika infratuzilmasiga zarbalarni besh kunga to‘xtatishga ko‘rsatma bergan. Tehron esa muzokaralar bo‘lganini rad etib, ular «na bo‘lgan, na mavjud»ligini bildirgan.

Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali «do‘stona bo‘lmagan» kemalarga ruxsat berdi

Shu orada Eron TIV 24-mart kuni BMT Xavfsizlik Kengashi va Xalqaro dengiz tashkilotiga «do‘stona bo‘lmagan kemalar» o‘z harakatlarini Tehron bilan oldindan kelishib olsa, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishi mumkinligini ma’lum qildi.

«Do‘stona bo‘lmagan kemalar, shu jumladan boshqa davlatlarga tegishli yoki ular bilan bog‘liq kemalar, Eronga qarshi hujumlarda ishtirok etmagan va ularni qo‘llab-quvvatlamagan bo‘lsa hamda e’lon qilingan xavfsizlik qoidalariga to‘liq rioya qilsa, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali xavfsiz o‘tish huquqini olishi mumkin», – deyiladi hujjatda.

Hozirgi vaqtda jahon nefti va suyultirilgan tabiiy gazning taxminan 20 foizi o‘tadigan ushbu bo‘g‘oz orqali transport qatnovi urush sharoitida deyarli to‘liq to‘xtagani aytilmoqda.

Neft narxi pasaydi

Jahon neft narxlari keskin pasaydi, AQSH aksiyalari fyucherslari esa o‘sishga o‘tdi. Bozorlarda ijobiy kayfiyat kuchayishiga AQSHning Eronga Yaqin Sharqdagi uzoq davom etayotgan urushni to‘xtatish bo‘yicha 15 bandli reja yuborgani haqidagi sizdirmalar sabab bo‘ldi.

Global etalon bo‘lgan «Brent» neftining may oyi uchun yaqin fyucherslari 25- mart ertalab 4,5 foizga tushib, bir barrel uchun 99,8 dollarga yetdi. Bir kun avval esa shartnomalar 4,6 foizga qimmatlashib, 104 dollardan yuqori darajada yopilgan edi. AQSHning «West Texas Intermediate» (WTI) nefti may oyi yetkazib berish fyucherslari 3,7 foizga pasayib, bir barrel uchun 88,9 dollar bo‘ldi. Savdo davomida «Brent» bo‘yicha pasayish 7 foizgacha (97,15 dollar), «WTI» bo‘yicha esa 6,1 foizgacha (86,72 dollar) yetdi.

«Fond bozorida esa «Dow Jones Industrial Average», «Nasdaq-100» va «S&P 500» kabi asosiy AQSH indekslari fyucherslari 0,7 foizga oshdi», deb xabar bermoqda «MarketWatch».

Tahlilchilar nima deydi?

«MarketWatch»ga ko‘ra, «SPI Asset Management» boshqaruvchi sherigi Stiven Innes bozor reaksiyasini «tanish ko‘rinadigan, deyarli ssenariy bo‘yicha yozilgandek – biz buni avval ham ko‘rgandekmiz, bu sof qisqa muddatli reaksiyalarga asoslangan savdodir», deb baholagan.

Uning aytishicha, bozor investorlarni neftni sotishga va riskli aktivlarni sotib olishga undamoqda, go‘yoki keskinlik pasayishi «chiqish eshigi»ni ko‘rsatgandek. Biroq bozorning fundamental tuzilishi aksiya investorlari uchun yengil yo‘lni emas, balki noaniq vaziyatni ko‘rsatmoqda.

«Hozir mendan bir vaqtning o‘zida ikki xil urushni narxlarga kiritish talab qilinayotgandek. Biri – gazetalardagi sarlavhalar urushi: Isroil televideniyesi bir oylik o‘t ochishni to‘xtatish g‘oyasini ilgari suradi, Vashington kuluar diplomatiyasini ishga soladi, treyderlar esa neftni sotib yuboradi va aksiya fyucherslarini ko‘tarib yuboradi. Ikkinchisi esa hali ham davom etayotgan urush», – deya qo‘shimcha qiladi Innes.

Singapurdagi «Lucerne Asset Management» investitsiya yo‘nalishi rahbari Mark Velan esa bozor hozircha ko‘proq orqaga qarab reaksiya qilayotganini, oldindan harakat qilmayotganini ta’kidlagan. Uning fikricha, tomonlar o‘rtasida aniq kelishuvlar ko‘rinmaguncha narxlar dinamikasi zaif bo‘lib qoladi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bozor ishtirokchilari «to‘liq axborot sarlavhalariga bog‘liq va tezda o‘zgarib ketishi mumkin bo‘lgan narx harakatlarini kuzatishga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda».

Teglar

Mavzuga oid