2025-yilning havosi eng iflos davlati ma’lum qilindi

Kecha 09:252 daqiqa

Yangi global hisobotda o‘rganilgan 9 mingdan ortiq shaharning 130 tasi JSST havo sifati talablariga javob bermagani aniqlandi.

2025-yilning havosi eng iflos davlati ma’lum qilindi

2025 yil yakunlariga ko‘ra, Pokiston dunyoda havosi eng iflos mamlakat sifatida qayd etildi va bu yerdagi PM2,5 zarrachalari darajasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti me’yoridan 13 barobardan oshgan. «IQAir» kompaniyasi hisobotiga ko‘ra, mamlakatda o‘rtacha ko‘rsatkich 67,3 mikrogrammni tashkil etgan.

Tadqiqot qamrab olgan mamlakatlar

Tadqiqot 143 davlat va hududdagi 9 446 ta shahar ma’lumotlarini qamrab oldi. Natijada ularning 130 tasi JSST talablariga javob bermagani aniqlandi. Me’yorga ko‘ra, havodagi PM2,5 miqdori bir kub metrda 5 mikrogrammdan oshmasligi lozim. 2024 yilda Pokistonda bu ko‘rsatkich 73,7 mikrogramm bo‘lgani qayd etildi.

Ifloslanish reytingida Bangladesh va Tojikiston ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egalladi. Chad esa avvalgi yetakchilikdan to‘rtinchi o‘ringa tushgan, bu esa havo yaxshilangani emas, balki ma’lumotlar yetishmasligi bilan izohlanmoqda.

Hisobotga kiritilmagan davlatlar

AQSH tomonidan global monitoring dasturlari qisqartirilgani sabab Turkmaniston, Burundi va Togo 2025 yilgi hisobotga kiritilmagan.

Havosi eng iflos shahar

Shaharlar kesimida Hindistonning Loni shahri eng iflos deb topilib, unda PM2,5 darajasi 112,5 mikrogrammni tashkil etdi. Xitoyning Shinjon hududidagi Xotan shahri 109,6 mikrogramm ko‘rsatkich bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Eng iflos 25 ta shaharning barchasi Xitoy, Hindiston va Pokistonda joylashgan.

Eng toza havoli davlatlar

Dunyo bo‘yicha shaharlarning faqat 14 foizi JSST standartlariga mos kelgan. Eng toza havoli davlatlar qatoriga Avstraliya, Islandiya, Estoniya va Panama kiritildi. Janubiy Afrikadagi Nyuvudvill shahri esa eng toza shahar deb topilib, PM2,5 ko‘rsatkichi atigi 1 mikrogrammni tashkil etgan.

Ifloslanish kamaygan hududlar

Ayrim davlatlarda vaziyat yaxshilangani ham qayd etildi. Jumladan, Laos, Kambodja va Indoneziyada El-Nino ta’siri sabab havo ifloslanishi kamaygan. Mo‘g‘ulistonda esa PM2,5 darajasi 31 foizga tushib, 17,8 mikrogrammni tashkil etdi.

Shu bilan birga, Yevropa va Kanadadagi o‘rmon yong‘inlari 1 380 megatonn uglerod chiqarilishiga sabab bo‘lib, global havo sifatini yomonlashtirgan asosiy omillardan biri sifatida qayd etildi.

O‘zbekiston poytaxti Toshkentda ham zararli zarrachalar miqdori JSST me’yoridan 7–10 barobar yuqori ekani ta’kidlangan.

Salomatlikka ta’siri

PM2,5 zarralari o‘ta mayda (diametri 2,5 mikron yoki undan kichik) bo‘lgani sababli nafas yo‘llari orqali qonga o‘tib, quyidagi jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi:

Muddatidan oldin tug‘uruqlar;

Demensiya (aqli zaiflik);

Parkinson va Alsgeymer kasalliklari xavfining ortishi.

Teglar

Mavzuga oid