Qozog‘iston Rossiya g‘allasiga taqiq qo‘ydi

Kecha 19:542 daqiqa

Mazkur chora Rossiyada hayvonlar o‘rtasidagi epidemiologik vaziyat yomonlashgani fonida qabul qilingan.

Qozog‘iston Rossiya g‘allasiga taqiq qo‘ydi

Qozog‘iston Rossiyadan bir qator don ekinlari va ular bilan bog‘liq mahsulotlarni import qilishga vaqtinchalik taqiq joriy qildi. Bu haqda Qozog‘iston G‘alla ittifoqi tahlil qo‘mitasi rahbari Yevgeniy Karabanov ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, cheklovlar veterinariya xavfsizligini ta’minlash va epidemiologik xavflarni kamaytirish maqsadida joriy etilgan.

Shuningdek, Qozog‘iston temir yo‘llari Rossiyadan kelayotgan g‘alla ortilgan vagonlarni ortga qaytarishni boshlaydi.

Qaysi mahsulotlar cheklandi?

Joriy etilgan cheklovlar bug‘doy, javdar, arpa, suli, makkajo‘xori va soya kabi asosiy don hamda dukkakli ekinlarni qamrab oladi. Shuningdek, oziq-ovqat sanoatining turli ikkilamchi qoldiqlari (kepak, kraxmal va lavlagi chiqindilari), chorva uchun ozuqa xomashyolari, kunjara hamda tayyor yem mahsulotlari importi ham taqiqlandi.

Epidemiya

Mazkur qaror Rossiyada hayvonlar orasida epidemiologik vaziyat yomonlashgani fonida qabul qilingan.

Avvalroq Qozog‘iston Rossiyadan tirik hayvonlar va go‘sht mahsulotlari importiga ham cheklov joriy etgan edi.

Kuni kecha «Rosselxoznadzor» rahbari Sergey Dankvert Novosibirsk viloyatidagi pasterellyoz o‘choqlari va uning tarqalish xavfi mavjud bo‘lgan hududlar to‘liq bartaraf etilganini ma’lum qildi. Novosibirsk viloyati Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqada pasterellyoz kasalligining 50 dan ortiq o‘chog‘i aniqlangan. Biroq ko‘rilgan bu choralar mahalliy fermerlarning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Ularning ta’kidlashicha, kasallikka qarshi kurash bahonasida sog‘lom hayvonlar ham yoppasiga yo‘q qilingan.

Teglar

Mavzuga oid