Oyda doimiy hayot boshlanadimi? NASA yangi rejani ochiqladi
AQSH kosmik agentligi Oyda insonning uzoq muddatli yashashini ta’minlashga qaratilgan uch bosqichli rejani taqdim etdi.

AQSH kosmik agentligi NASA Oyda doimiy baza qurish bo‘yicha yangi strategiyani e’lon qildi. Unga ko‘ra, agentlik diqqat-e’tiborni orbital stansiya emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oy yuzasida barqaror infratuzilma yaratishga qaratadi.
Yangi reja doirasida NASA avval rejalashtirilgan «Geytvey» orbital stansiyasi loyihasini hozirgi ko‘rinishda to‘xtatib turadi. Bu qaror loyihaning amalga oshirilishida yuzaga kelgan qiyinchiliklar bilan bog‘liq.
Strategiya va ustuvor yo‘nalishlar
Agentlik bayonotiga ko‘ra, asosiy maqsad — Oyda insonning barqaror mavjudligini ta’minlash.
Ta’kidlanishicha, yuzaga kelgan to‘siqlarga qaramay, loyihaga xalqaro hamkorlar jalb qilinadi va mavjud uskunalardan samarali foydalaniladi.
Uch bosqichli qurilish rejasi
Oy bazasini barpo etish uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda energetika, aloqa va ilmiy tadqiqotlar uchun zarur infratuzilmani yaratish maqsadida maxsus transport vositalari Oyga yetkaziladi.
Ikkinchi bosqichda inson yashashi uchun mos muhit shakllantiriladi. Bu jarayonda xalqaro kosmik agentliklarning texnologiya va tajribalaridan foydalanish rejalashtirilgan.
Loyihaning yakuniy bosqichi — insonning Oyda uzoq muddat qolishini ta’minlashdan iborat. Bu davrda vaqti-vaqti bilan amalga oshiriladigan qisqa safarlardan Oy bazasining doimiy faoliyatiga o‘tiladi. Shuningdek, ko‘p maqsadli turar joy majmualari va umumiy transport tizimi barpo etiladi.





