Hokimlarning budjet ochiqligi bo‘yicha majburiyati kuchaytirildi

Kecha 14:552 daqiqa

Mahalliy budjet xarajatlariga oid qaror va farmoyishlarni 3 ish kuni ichida hokimlikning rasmiy sayti va openbudget.uz portaliga joylashtirish majburiy deb belgilandi.

Hokimlarning budjet ochiqligi bo‘yicha majburiyati kuchaytirildi

Mahalliy budjetlar ochiqligini ta’minlash bo‘yicha iqtisodiyot va moliya vazirining yangi buyrug‘i qabul qilindi. Unga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda barcha darajadagi hokimliklar budjetning qo‘shimcha mablag‘laridan foydalanishga oid qarorlarni o‘z vaqtida e’lon qilishi shart.

Yangi talablarga binoan, bunday qaror va farmoyishlar qabul qilinganidan so‘ng 3 ish kuni ichida hokimliklarning rasmiy veb-saytlari hamda «Ochiq budjet» axborot portaliga joylashtirilishi majburiy hisoblanadi. Bu tartib 19-martdan amalga kiritildi.

Jismoniy shaxslar to‘lagan soliq ma’lumotlari ham e’lon qilib boriladi

Shu bilan birga, «Ochiq budjet» portalida jismoniy shaxslar tomonidan to‘langan soliqlar haqidagi ma’lumotlar ham doimiy ravishda e’lon qilib boriladi. Jumladan, daromad solig‘i, mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha tushumlar hamda ushbu mablag‘lar qaysi yo‘nalishlarga sarflangani ochiq ko‘rsatiladi.

Mazkur choralar davlat mablag‘laridan foydalanishda shaffoflikni oshirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan. Bu orqali aholi budjet xarajatlari haqida to‘liqroq ma’lumot olish imkoniga ega bo‘ladi.

Avvalroq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2026 yilning dastlabki oyining ma’lum bir davrida mahalliy hokimliklar tomonidan viloyat, tuman va shahar hokimlari chiqargan qarorlarning 386 tasi asossiz yashirilgani ma’lum qilingan edi.

Yashirilgan qarorlarning 68 tasi tashkiliy tuzilmani tasdiqlash, 46 tasi mablag‘ ajratish, 34 tasi rag‘batlantirish, 156 tasi lavozimga tayinlash hamda 82 tasi boshqa masalalarga oid hujjatlardan iborat.

Ochiqlanmagan hujjatlar soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlar Farg‘ona (67 ta yoki 44 foiz), Xorazm (32 ta yoki 39 foiz), Buxoro (58 ta yoki 37 foiz), Qashqadaryo (41 ta yoki 26 foiz) va Samarqand (38 ta yoki 15 foiz) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Teglar

Mavzuga oid