AQSH, Isroil va Eron urushi: 26-kun voqealari
Eron, Isroil va Ko‘rfaz mintaqasi yangi raketa va dron hujumlariga uchradi. AQSH harbiy keskinlik bilan birga, kelishuvga tayyorligini ham bildirmoqda.

AQSH va Isroilning Eronga qarshi boshlagan harbiy harakatlari davom etmoqda. Diplomatik yechim topish borasidagi urinishlar kuchayganiga qaramay, bo‘lajak muzokaralar haqida bir-biriga zid xabarlar tarqalmoqda. Eron, Isroil va butun Fors ko‘rfazi mintaqasida raketa zarbalari hamda hujumlar qayd etilmoqda.
Shu bilan birga, Qo‘shma Shtatlar ham harbiy keskinlikni oshirish, ham muloqotga tayyorlik borasida o‘zaro qarama-qarshi ishoralar bermoqda.
Mojaro jahon energiya bozorlarini sarosimaga solishda davom etmoqda.
Erondagi vaziyat
· Davom etayotgan mojaro va zarbalar: AQSH va Isroilning Eronga hujumlari to‘xtamayapti. Tehron janubidagi so‘nggi hujum oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘ldi va 28 kishi yaralandi. Shahar sharqidagi portlashlar esa maktab va bir necha turar joy binolarini vayron qilgani aytilmoqda.
· Muzokaralar haqidagi qarama-qarshi ma’lumotlar: Tramp urushni tugatish bo‘yicha Eron bilan muzokaralar olib borilayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Tehron yadro quroliga intilmaslikka rozi bo‘lgan.
· Bu — yangi yon bosish emas: Eron allaqachon yadro quroliga intilmasligini bildirib keladi. Tehron yadroviy qurollanish dasturi yo‘qligini bir necha bor ta’kidlagan. Sobiq oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xomanaiy 2003-yildayoq yadro quroliga qarshi fatvo chiqargan edi.
· Taklif etilgan 15 banddan iborat tinchlik rejasi: Ommaviy axborot vositalarining xabariga ko‘ra, Vashington mojaroni tugatish uchun Eronga 15 banddan iborat reja taqdim etgan. Bu jarayonda Pokiston armiyasi qo‘mondoni Said Osim Munir vositachilik qilgani aytilmoqda.
· Ichki sarosima: «Al-Jazira»ning xabar berishicha, AQSHning diplomatiya haqidagi da’volari eronliklar orasida katta tushunmovchilik keltirib chiqargan. Chunki amaldagi vaziyat hamon bombardimonlar, raketa zarbalari va mudofaa harakatlaridan iborat bo‘lib qolmoqda.
· Eronning urushdagi maqsadlari: Tehron urushni o‘z shartlari asosida tugatishni va mojaro takrorlanmasligi uchun yetarlicha to‘xtatuvchi kuchga ega bo‘lishni istaydi.
· Ho‘rmuz: Xalqaro dengiz tashkilotiga berilgan bayonotga ko‘ra, Eron «dushmanlik niyatida bo‘lmagan kemalar» Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishi mumkinligini ma’lum qilgan.
Urush diplomatiyasi
· Islomobod muzokaralar uchun maydon taklif qildi: Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif Islomobod AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushini to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarga mezbonlik qilishga tayyorligini bildirdi.
· Xitoy va Fransiya muzokaralar o‘tkazishga chorlamoqda: Xitoyning bosh diplomati Van YI Eron tomoniga «muzokara qilish har doim urushishdan ko‘ra yaxshiroq» ekanini aytgan. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa Tehronni urushni tugatish yo‘lida muzokaralarga kirishishga chaqirgan.
Ko‘rfaz mintaqasidagi vaziyat
· Quvayt aeroportidagi yong‘in: Dron hujumi Quvayt xalqaro aeroportidagi yonilg‘i bakiga kelib urilishi oqibatida yong‘in chiqdi. Quvayt Fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasi zudlik bilan favqulodda choralarni ishga soldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida faqat moddiy zarar ko‘rilgan, aholi va xodimlar orasida qurbonlar yoki jarohatlanganlar yo‘q.
· Saudiya Arabistoni raketalarni urib tushirdi: Saudiya Arabistoni Mudofaa vazirligi mamlakatning eng yirik va muhim neft inshootlari, jumladan Ras-Tanura, Gavar va Abqayq joylashgan Sharqiy provinsiyaga bir necha bor hujum uyushtirilgani haqida xabar berdi. Saudiya mudofaa kuchlari so‘nggi 11 soat ichida sharqiy hududda kamida 32 ta dron va bitta ballistik raketani urib tushirgan.
· Bahrayn: Davom etayotgan hujumlar Bahraynda ham talafotlarga sabab bo‘ldi. Birlashgan Arab Amirliklari tomonining ma’lum qilishicha, Bahraynda Eron tomonidan yo‘llangan zarbalar oqibatida BAA Qurolli kuchlari bilan hamkorlikda xizmat qilayotgan Marokash fuqarosi halok bo‘lgan.
AQSHdagi vaziyat
· Tramp Eron AQSHga «sovg‘a» berganini aytdi: Donald Tramp Eronning amaldagi rahbariyati unga Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bilan bog‘liq, «ulkan mablag‘ga teng» bo‘lgan «juda katta sovg‘a» taqdim etganini aytdi. Mazkur voqeadan so‘ng AQSH prezidenti muzokaralar orqali kelishuvga erishish imkoniyatlarini yuqori baholagan.
· AQSH 82-havo-desant diviziyasini safarbar etadi: Amerika ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Qo‘shma Shtatlar Eronga qarshi amaliyotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Yaqin Sharqqa o‘z elita bo‘linmasi — 82-havo-desant diviziyasining 3000 ga yaqin askarini yuborishni rejalashtirmoqda.
· Sanksiyalar va neft bosimi: Urush tufayli yuzaga kelgan global talab bosimi sababli AQSH Eron neftiga qo‘yilgan ayrim sanksiyalarni yumshatdi. Biroq iqtisodchi Stiv Xanke bu qadam xalqaro sanksiyalar tizimiga putur yetkazishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Isroildagi vaziyat
· Isroilga raketa hujumlari: 24-mart kuni kechqurun Isroil harbiy qo‘mondonligi Eron tomonidan mamlakat hududiga raketa otilgani haqida ogohlantirdi. Mazkur hujumga qadar kun davomida o‘ndan ortiq raketa xavfi e’lon qilingan edi.
· «Xavfsizlik hududi»: Isroil Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi «Hizbulloh»ga qarshi kurashni davom ettirar ekan, Livan ichkarisidagi 30 kilometrlik hududni «xavfsizlik zonasi» sifatida nazoratga olishini bildirdi.
· Diplomatik yo‘nalishlardagi tafovutlar: Isroilning BMTdagi elchisi Danni Danon Isroil AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralarda ishtirok etmayotganini va Eronning yadroviy hamda raketa imkoniyatlari butunlay yo‘q qilinmaguncha hujumlar to‘xtamasligini ta’kidladi.
Neft, energiya bozorlari va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi
· Global bozorlardagi uzilishlar: Fors ko‘rfazidagi mintaqaviy beqarorlik jahon bozorlariga zanjirli reaksiya kabi salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Amerikalik iqtisodchi Stiv Xankening fikricha, mazkur mojaro Ko‘rfaz mintaqasidan geliy va o‘g‘it kabi strategik muhim tovarlarning erkin yetkazib berilishini cheklab qo‘ygan.
· Energetika siyosati va qazib olinuvchi yonilg‘iga bog‘liqlik: Tahlilchisi Ketan Joshining ta’kidlashicha, aholiga yonilg‘ini tejash yoki uydan turib ishlash bo‘yicha berilayotgan hozirgi tavsiyalar «shunchaki boshlanishi» xolos. Hukumatlar energiya resurslarini yetkazib berishning murakkab global zanjirlariga bo‘lgan qisqa muddatli qaramlikni zudlik bilan kamaytirishga majbur bo‘lmoqda. Shu sababli, yaqin kelajakda ixtiyoriy tavsiyalar majburiy qoidalarga aylanishi mumkin.
· Shri-Lanka chiroqlarni o‘chirmoqda: Shri-Lankada energiya iste’molini 25 foizga qisqartirish va ta’minot taqchilligini bartaraf etish maqsadida ko‘cha chiroqlari, neon reklamalari va bilbordlarni o‘chirishga buyruq berildi.
· Filippin energetika sohasida favqulodda holat e’lon qildi: Prezident Ferdinand Markos yonilg‘i narxining keskin ko‘tarilishi oqibatida yuzaga kelgan ish tashlash xavfi tufayli mamlakatda milliy energetika favqulodda holatini joriy etdi. Hozirda hukumat yonilg‘i va hayotiy muhim tovarlar ta’minoti barqarorligini kafolatlash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rmoqda.





