Toshkent atrofida yangi issiqxonalar tashkil etish cheklanadi
Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi issiqxonalar energiya tejamkor va tabiiy-iqlim sharoiti qulay bo‘lgan hududlarga bosqichma-bosqich ko‘chiriladi.

2026-yil 1-oktabrdan boshlab Toshkent shahri va unga tutash hududlarda yangi issiqxona tashkil etish cheklanadi. Mazkur taklif Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan bugun, 23-mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’qullandi.
Yig‘ilishda «Toza havo» umummilliy loyihasining muhim tarkibiy qismi sifatida issiqxonalar masalasi muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida issiqxona xo‘jaliklari juda ko‘p, ular orasida isitish manbalari sifatida ko‘mir, mazut va nostandart yoqilg‘idan foydalanuvchi issiqxonalar ulushi ham yuqori, ular chiqarayotgan NO2, SO2 va PM2,5 kabi xavfli moddalar havo sifatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi. Qolaversa, Toshkent hududida yillik quyosh nurlanishi qolgan hududlarga qaraganda nisbatan past bo‘lgani sababli bu yerda issiqxonada mahsulot yetishtirish xarajati ancha baland. Masalan, yanvar oyida Toshkentda o‘rtacha harorat Selsiy bo‘yicha 6 daraja issiq bo‘lsa, Termizda – 10,8 daraja issiq. 1 tonna issiqxona mahsulotini yetishtirish xarajati Toshkent viloyatida 11,9 million so‘mni, Surxondaryoda esa 4,9 million so‘mni tashkil etadi.
Mahsulotlarni insolyatsiya darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda yetishtirish issiqxona xo‘jaliklarining moliyaviy holati uchun ham, ichki bozordagi narx barqarorligi nuqtai nazaridan ham manfaatli hisoblanadi.
Shu bois, Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi issiqxonalarni energiya tejamkor va tabiiy-iqlim sharoiti qulay bo‘lgan hududlarga bosqichma-bosqich ko‘chirish taklifi bildirildi. Xususan, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida kamida 940 gektar maydonda agropark tashkil etish rejalashtirilgan. Bu hududda quyosh nurlanishi yuqori, qish nisbatan yumshoq, isitish xarajatlari ancha past bo‘lib, bu mahsulot tannarxini keskin tushirish imkonini beradi.
2026-yil 1-oktabrdan boshlab Toshkent shahri va unga tutash hududlarda yangi issiqxona tashkil etishni cheklash, shu bilan birga, ko‘chirilayotgan xo‘jaliklarga infratuzilma va logistika bo‘yicha imtiyozlar berish nazarda tutilmoqda.




