DXX ogohlantiradi: xorijiy raqamlardan bo‘layotgan qo‘ng‘iroqlarga javob bermang
Davlat xavfsizlik xizmati chet el raqamlaridan bo‘layotgan firibgarlik qo‘ng‘iroqlarining yangi va xavfli to‘lqinidan ogohlantirmoqda. Ularning maqsadi nima va qanday himoyalanish mumkin?

Davlat xavfsizlik xizmati so‘nggi paytlarda xorijiy raqamlardan ko‘payib borayotgan shubhali qo‘ng‘iroqlar yuzasidan fuqarolarni ogohlantirdi. Idora mutaxassislari kibertahdidlarni chuqur tahlil qilib, firibgarlar o‘zbekistonliklarning mablag‘lari va shaxsiy ma’lumotlarini o‘g‘irlash uchun o‘ta murakkab texnik sxemalardan foydalanayotganini aniqladi.
Ekspertlar ma’lumotiga ko‘ra, bunday qo‘ng‘iroqlar odatiy telefon tarmog‘i orqali emas, balki internet texnologiyalari va maxsus dasturiy ta’minotlar yordamida amalga oshirilmoqda. Bu jinoyatchilarga o‘zlarining real joylashuvini yashirishga va telefon ekranida dunyoning istalgan davlati raqamini chiqarishga imkon beradi.
Identifikator qo‘ng‘iroq mobil operator tarmog‘iga tushishidan oldinoq soxtalashtirilgani sababli, mavjud tizimlarda asl qo‘ng‘iroq qiluvchini kuzatishning deyarli iloji yo‘q. Bu raqamlar real sim-kartalar emas, balki vaqtinchalik raqamli niqoblar bo‘lgani uchun ma’lumotlar bazalarida ham qayd etilmaydi.
Qo‘ng‘iroqqa javob berishning xavfi
Firibgarlar ko‘pincha banklar, davlat tashkilotlarning xodimlari sifatida o‘zini tanishtirib, bank kartalarining kodlarini aldov yo‘li bilan olishga urinadi. Hatto qo‘ng‘iroqqa shunchaki javob berishning o‘zi ham raqamning faolligini tasdiqlaydi va uni keyingi keng ko‘lamli xakerlik hujumlari uchun nishonlar ro‘yxatiga kiritadi.
O‘z kiberxavfsizligini ta’minlash maqsadida DXX fuqarolarga oddiy, ammo o‘ta muhim qoidalarga amal qilishni tavsiya etadi:
bunday xorijiy raqamlarga qo‘ng‘iroq qilish telefon balansidagi mablag‘ning yechib olinishiga sabab bo‘ladi;
firibgarlar o‘zlarini turli tashkilot xodimi sifatida tanishtirib, shaxsiy ma’lumotlar va bank kartasi kodlarini bilib olishga urinadi;
go‘shakni ko‘tarish raqamingizning «faol» ekanligini bildiradi va natijada sizga bo‘ladigan firibgarlik hujumlari soni keskin ortadi;
sizning ovozingiz yozib olinib, keyinchalik sun’iy intellekt yordamida soxtalashtirish orqali yaqinlaringizni aldash uchun ishlatilishi mumkin.
Notanish va shubhali xorijiy raqamlardan kelayotgan qo‘ng‘iroqlarga aslo javob bermaslik, ayniqsa, ularga qayta qo‘ng‘iroq qilmaslik talab etiladi. Bunday kontaktlarni darhol blokka (qora ro‘yxatga) kiritish lozim.
Shuningdek, DXX hech qanday sharoitda begona shaxslarga o‘zingizning shaxsiy ma’lumotlaringizni va sms-xabar orqali kelgan tasdiqlash kodlarini oshkor qilmaslik kerakligini qat’iy eslatib o‘tadi.





