
Fransiya kompaniyasi Farg‘onada 45 mln yevrolik turistik zona qurmoqchi
14.06.2025 | 08:408183
Fransiyaning MND kompaniyasi Shohimardon va Yordon qishloqlarida 45 mln yevro qiymatidagi turistik majmua tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Fransiyaning MND kompaniyasi Shohimardonda 45 mln yevrolik turistik zona tashkil etishni rejalashtirmoqda, Uning doirasida tog‘li hududda arqon yo‘li, osma ko‘prik, ekstremal sakrash hududi, tomosha yo‘laklari va maydonlari, turli attraksionlar quriladi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Montagne et Neige Développement kompaniyasi prezidenti Xaviyer Gallot-Lavallée va kompaniyaning MDH davlatlari, Bolqon, Turkiya va Pokiston bo‘yicha mintaqaviy savdo direktori Orxan Shirinni qabul qilgan.
Uchrshuvda turzim loyihalari muhokama qilingan. Kompaniya turizm loyihasini taklif qilib, uni Farg‘ona tumanida joylashgan Shohimardon va Yordon qishloqlarida amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Loyihaning qiymati 45 mln yevroga baholangan. Loyihani 2027 yilda ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Natijada 100 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Uning doirasida sayyohlar uchun tog‘li hududda arqon yo‘li, osma ko‘priklar, ekstremal sakrash hududi, tomosha yo‘laklari va maydonlari, turli attraksionlar barpo etiladi.
Viloyat hokimligi takliflar Farg‘onada turizm salohiyatini oshirish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish va yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim ekanligini ta’kidladi. Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.





