
«G‘azoda ommaviy qatl davom etmoqda»: Isroilga jahon davlatlaridan tomonidan qat’iy talab qo‘yildi
23.07.2025 | 00:159763
Dunyoning o‘ttizga yaqin davlati Isroildan G‘azodagi urushni zudlik bilan to‘xtatish hamda insonparvarlik yordamiga cheklovlarni bekor qilishni talab qilmoqda.

Fransiya, Buyuk Britaniya, Kanada, Italiya va boshqa 28 davlat tashqi ishlar vazirlari tomonidan Isroilga G‘azodagi urushni to‘xtatish talabi qo‘yildi. Associated Press agentligi tarqatgan bayonotda urushning zudlik bilan to‘xtatilishi, insonparvarlik yordamining to‘siqlarsiz amalga oshirilishi va xalqaro huquq normalariga qat’iy rioya qilinishi lozimligi qayd etilgan.
Bayonotda ta’kidlanishicha, gumanitar yordam olish uchun jamlangan falastinliklar o‘qqa tutilayotgani, ayrim yordam punktlari esa «ommaviy qatl etish joy» lariga aylanib qolgani to‘g‘risida jiddiy xavotirlar mavjud.
Tashqi ishlar vazirlari Isroil hukumatidan G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamini kiritishga qaratilgan cheklovlarni zudlik bilan bekor qilishni, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar faoliyatiga to‘sqinlik qilmaslikni talab qildi.
Bayonotda, shuningdek, G‘azo aholisini ommaviy ko‘chirish, yoki Falastinning ishg‘ol ostidagi yerlarida demografik yoki hududiy o‘zgarishlarni amalga oshirish mumkin emasligi qat’iy belgilangan.
Mazkur talablar fonida ham Isroil qirg‘inbarot urushini davom ettirmoqda. Falastin tomonidan halok bo‘lganlar soni allaqachon 59 ming nafardan oshib ketgan.





