Logo

Hafta dayjesti — muhim voqealar sharhi

Kecha 19:006 daqiqa

«Anorbank» asoschisi Interpol qidiruviga berildi, shov-shuvlarga sabab bo‘lgan Behzod Musayev yangi lavozimga tayinlandi, 186 milliard so‘m budjet mablag‘ini talon-toroj qilinganlikda ayblangani aytilgan Bekmurod Abdullayev ham yana rahbarlik kursisiga o‘tirdi, bog‘chada ombor mudiri 5 yoshli qizni zo‘rladi, Mirziyoyev Andijondagi muammolar sabab Toshkentda tinch o‘tira olmayotganini aytdi.

Hafta davomida sodir bo‘lgan shu va boshqa voqea-hodisalar tafsilotini Vaqt.uz dayjestida bilib oling.

Behzod Musayev yangi lavozimga tayinlandi

So‘nggi vaqtlarda Migratsiya agentligi faoliyati va uning rahbariyati atrofidagi muhokamalar markazida bo‘lib kelayotgan Behzod Musayev yangi lavozimga tayinlandi. U bundan buyon «Vatandoshlar» jamoat fondi raisi hisoblanadi.

Musayev 2026-yil 3-sentabr kuni prezident qarori bilan agentlik rahbarligidan olindi. Uning o‘rniga O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov tayinlandi.

Musayev Migratsiya agentligiga 2024-yil sentabridan buyon rahbarlik qilib kelgan. Bungacha u bir qator yuqori lavozimlarda, jumladan, Soliq qo‘mitasi raisi, sog‘liqni saqlash vaziri, bosh vazir o‘rinbosari hamda kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri sifatida faoliyat yuritgan.

«Vatandoshlar» jamoat fondi 2021-yilda xorijda yashayotgan o‘zbekistonliklar bilan aloqalarni mustahkamlash, ularning huquq va manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash hamda vatandoshlar bilan hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan.
Musayevning yangi lavozimga tayinlanishi fonida agentlik faoliyati bilan bog‘liq avvalgi bahslar ham yana kun tartibiga chiqdi.

Jumladan, migratsiyaning Janubiy Koreyadagi sobiq vakolatxonasi rahbari Azizbek Toshtemirov o‘zining «Koreya 24» kanalida Musayevga nisbatan turli ayblovlarni ilgari surgan. Xususan, u Musayevni qiymati 150 ming dollar ekani aytilgan avtomobilni o‘zlashtirish va boshqa iddaolar bilan ayblagan edi.

Endi Musayev «Vatandoshlar» fondi orqali xorijdagi o‘zbekistonliklar bilan ishlash, ular bilan aloqalarni mustahkamlash va vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida faoliyat yuritadi.

Sobiq mulozim pulni to‘lab yana rahbar bo‘ldi

186 milliard so‘m budjet mablag‘ini talon-toroj qilinganlikda ayblanib qamoqqa olingan, 4 oy o‘tmay esa davlatga yetkazilgan zarar qoplab berilgani uchun ozodlikka chiqqan Bekmurod Abdullayev yana mulozimlik kursisiga qaytdi. Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘i bilan general-mayor Abdullayev Chilonzor tumani IIB boshlig‘i bo‘ldi.

2021-yilning aprelida ichki ishlar vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Bekmurod Abdullayev 2025-yilning 3-noyabr kuni ishdan bo‘shatilgandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2026-yilning 27-yanvar kuni o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Abdullayev va Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i Rustam Tursunovga nisbatan davlat xaridlari doirasida 186 milliard so‘m budjet mablag‘i talon-toroj qilingani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, vazir o‘rinbosari qamoqqa olinganini aytdi.

Aprel oyining o‘rtalariga kelib, Abdullayev tomonidan davlatga yetkazilgan zarar qoplab berilgani uchun ozodlikka chiqqani haqida xabarlar tarqaldi, biroq huquq-tartibot organlari bu xabarlarni tasdiqlagani yo‘q, lekin rad ham etmadi.

Keyinroq, Abdullayev, Tursunov va yana 28 kishiga oid jinoyat ishi shaxsiy hayotga oid hamda qonun bilan muhofaza etiladigan boshqa ma’lumotlar mavjudligi sababli yopiq sud majlisida ko‘rilayotgani aytildi. Sud yakunlari bo‘yicha esa rasmiy ma’lumot berilmadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Abdullayevga qo‘yilgan ayblovlar o‘z isbotini topmagan va u oqlangan.

«Anorbank» asoschisi Interpol qidiruviga berildi

Bir paytlar Fransiyada o‘g‘irlab ketilgani aytilgan «Anorbank» asoschisi endi Interpol qidiruvida. Qahramonjon Olimov atrofidagi voqealar yangi burilish oldi. Uning ismi tashkilotning red notice, ya’ni «qizil xabarnoma» kartochkasiga joylashtirildi.

Olimov 2025-yilning yozida Fransiyada o‘g‘irlab ketilgani va qiynoqqa solingani da’vo qilingan edi. Biroq endilikda uning o‘zi mazkur odam o‘g‘irlash jinoyatini tashkil etganlikda ayblanmoqda.

«The Insider» ma’lumotlariga ko‘ra, u O‘zbekistonda sirtdan hibsga olingan va unga nisbatan xalqaro qidiruv e’lon qilingan. Bu haqda nashrga Olimovga yaqin manba xabar bergan.

Mazkur ish yuzasidan rasmiy ma’lumotlar hozircha ochiqlanmagan. Nashr manbasiga ko‘ra, Olimov Fransiyadagi o‘g‘irlanish holatini o‘zi sahnalashtirgan bo‘lishi mumkin. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad esa — jinoyat tashkilotchisi sifatida o‘zining sobiq ish beruvchisi hamda iqtisodiy nizolardagi raqibi Botir Rahimovni ko‘rsatish bo‘lgan.

Olimov va Rahimov o‘rtasidagi kelishmovchilik biznes aktivlari ustida kelib chiqqan. «The Insider»ning yozishicha, Rahimov sobiq xodimidan 200 million dollardan ortiq kompensatsiya talab qilib, uni o‘ziga tegishli biznes aktivlarini o‘zlashtirib yuborganlikda ayblagan.

Interpolning qizil xabarnomasi — shaxsni xalqaro miqyosda qidirish va vaqtincha hibsga olish bo‘yicha so‘rov hisoblanadi. Bunda davlat boshqa mamlakatlardan ushbu shaxsni topish va vaqtincha hibsga olishni so‘raydi.

Interpol sahifasida Olimovning O‘zbekiston so‘roviga binoan qidiruvga berilgan-berilmagani hamda aynan qaysi jinoyat bo‘yicha izlanayotgani qayd etilmagan.

Bog‘chada ombor mudiri tarbiyalanuvchini zo‘rladi

Davlat bog‘chasida sodir bo‘lgani aytilayotgan voqea bu hafta ijtimoiy tarmoqlarda katta rezonansga sabab bo‘ldi. Namanganda besh yoshli bog‘cha tarbiyalanuvchisiga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etildi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligiga ko‘ra, holat 2026-yilning 18-sentabr kuni yuz bergan. Shundan so‘ng jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi esa protsessual tartibda ushlanib, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Qizchani zo‘rlaganlikda gumon qilinayotgan shaxs 52 yoshda. U 2022-yildan buyon bog‘chada xo‘jalik ishlari mudiri bo‘lgan. Bolaning yaqinlari zo‘ravonlik bir necha marta sodir etilganini aytgan. Qizaloq ekspertiza va ginekologik ko‘rikdan o‘tkazilganida, holat tasdiqlangani aytilmoqda.

Bog‘cha direktori voqea paytida ta’tilda bo‘lgani va hodisa haqida ichki ishlar xodimlaridan xabar topganini bildirgan. Tarbiyachi esa guruhda 25 bola bo‘lgani va ularni muntazam sanab, nazorat qilib borganini iddao qilgan.

Bolalar ombudsmani jabrlangan bolaning qonuniy manfaatlari ta’minlanishini kuzatib borayotganini aytib chiqdi.

Tergov davom etayotgani sababli voqeaning qolgan tafsilotlari hozircha ochiqlanmagan.

Mirziyoyeva BMTda nutq so‘zladi

BMT nafaqat qarorlar qabul qiladigan, balki ularni amalga oshirishga qodir tashkilot bo‘lishi kerak. Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkdagi BMT bosh qarorgohida bo‘lib o‘tgan yuqori darajadagi tadbirda so‘zga chiqib, bugungi murakkab xalqaro vaziyat sharoitida kuchli va har bir davlatning ovozi eshitiladigan BMTga ehtiyoj borligini aytdi.

U hozir ziddiyatlar kuchayib, davlatlar o‘rtasidagi ishonch pasayib borayotgan bir paytda O‘zbekiston tinchlik, ochiqlik va hamkorlik yo‘lini tanlaganini bildirdi.

Mirziyoyevaga ko‘ra, davlatning haqiqiy kuchi faqat harbiy yoki iqtisodiy salohiyat bilan emas, inson huquqlari va manfaatlarini qanchalik himoya qila olishi bilan ham belgilanadi.

Administratsiya rahbari O‘zbekiston 2035–2036-yillar uchun BMT Xavfsizlik kengashining doimiy bo‘lmagan a’zoligiga o‘z nomzodini ilgari surganini ham ma’lum qildi.

Prezident Andijonda

Shavkat Mirziyoyev Andijonga borib, viloyatda qilingan ishlarni ko‘zdan kechirdi. U Andijonda shuncha muammo bo‘la turib, Toshkentda tinch o‘tira olmasligini aytdi. Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda viloyatdagi kambag‘al, ishsiz va migratsiyadagi aholi soni haqida gapirib, «bu odamlar yangi O‘zbekistondan rozimi? » degan savolni o‘rtaga tashladi.

Shuningdek, kelgusi yili viloyatda kamida 10 foiz iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, 5 milliard dollar investitsiya jalb qilish va eksportni 1,5 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Aytilishicha, sanoat va tadbirkorlik uchun ajratilgan ming gektar maydon hisobiga 7 milliard dollar investitsiya va 70 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi. Ayollar bandligi uchun 20 million dollarlik jamg‘arma tashkil etiladi. Ishlash istagida bo‘lgan 3 ming ayolning mehnat bozoriga qaytishi uchun farzandlarini bog‘chaga joylashtirishga yordam beriladi. Ko‘p ish o‘rni yaratadigan korxonalar xodimlarining farzandlari kontraktini qoplash va yirik korxonalarda ishlovchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi choralar belgilanmoqda.

Qozog‘istonda motam

Qozog‘istonning Mang‘istov viloyatida harbiy mashg‘ulotlar vaqtida fojia yuz berdi. 24-sentabr kuni Kaspiy dengizi sohilida jangovar tayyorgarlik topshirig‘ini bajarayotgan 19 harbiyni ob-havoning keskin yomonlashuvi va kuchli shamol sabab suv oqizib ketgan.

Dastlab 9 harbiy halok bo‘lgani, 3 kishi qutqarilgani ma’lum qilingan. Keyinchalik qurbonlar soni 12 nafarga yetgani bildirildi.

Hodisa yuzasidan Qozog‘iston Bosh prokuraturasi jinoyat ishi qo‘zg‘atib, tergov boshlagan. Fojia sabablarini aniqlash uchun hukumat komissiyasi ham tuzilgan.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev harbiylarning o‘limi munosabati bilan 25-sentabrni mamlakatda milliy motam kuni deb e’lon qildi.

Shuningdek, Oqtov shahrida 25-sentabr kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Shahar kuni” doirasidagi barcha bayram tadbirlari bekor qilindi.

Teglar

Nozima Qarshiboyeva

Nozima QarshiboyevaMaqolalar soni: 73

Barchasi

Mavzuga oid