Logo

Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonga yangi sun’iy yo‘ldoshlarni uchrish rejasini taqdim etdi

Kecha 12:422 daqiqa

O‘zbekistonda sun’iy yo‘ldosh aloqasi va raqamli xizmatlar bozorini rivojlantirish maqsadida «APT Satellite» hamda «UZ-SAT» o‘rtasida kelishuv imzolandi.

Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonga yangi sun’iy yo‘ldoshlarni uchrish rejasini taqdim etdi © gov.uz

O‘zbekistonda sun’iy yo‘ldosh aloqasi bozorini rivojlantirish va telekommunikatsiya infratuzilmasini takomillashtirish maqsadida «APT Satellite» va «UZ-SAT» o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

«ICT Week Uzbekistan 2026» doirasidagi muzokaralar

Ushbu kelishuvga «ICT Week Uzbekistan 2026» haftaligi doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda «APT Satellite Company Limited» (APSTAR) kompaniyasining ijrochi direktori va prezidenti Van Xunbin o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunlari bo‘yicha erishildi.

Muzokaralar chog‘ida Markaziy Osiyoda hamkorlikni kengaytirish va O‘zbekiston telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

«Mazkur kelishuv tomonlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirish hamda sun’iy yo‘ldosh aloqasi va raqamli infratuzilma sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan», — deyiladi vazirlik bayonotida.

Yangi sun’iy yo‘ldoshlar va xizmatlar qamrovi

Uchrashuv davomida «APT Satellite» kompaniyasining O‘zbekistondagi biznes-rejalari hamda mavjud va kelajakdagi sun’iy yo‘ldosh resurslaridan foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi. Xususan, mazkur resurslardan keng polosali internet, televideniye va radioeshittirish, shuningdek, boshqa telekommunikatsiya va raqamli xizmatlarni taqdim etishda foydalanish yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratilgan.

Bundan tashqari, «APT Satellite» vakillari kompaniyaning sun’iy yo‘ldoshlar guruhini yanada rivojlantirish va ilg‘or texnologiyalarga ega yangi sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish bo‘yicha o‘z rejalarini taqdim etgan.

Shu bilan birga, tomonlar mintaqada xalqaro aloqa imkoniyatlarini kengaytirish va istiqbolli qo‘shma loyihalar yuzasidan ham fikr almashgan.

Avvalroq, ya’ni 5-avgust kuni «STAR.VISION» kompaniyasi tomonidan Xitoyning Shandun provinsiyasi qirg‘oqlari yaqinidagi dengiz start platformasidan «Samarkand-2028» va «Lampung-1» giperspektral sun’iy yo‘ldoshlari kosmosga uchirilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid