
Hindistondagi xavfli virus O‘zbekistonga kirib keldimi? Sanepidqo‘mita rasmiy bayonot berdi
Dunyo sog‘liqni saqlash tizimi navbatdagi xavf – Nipah virusi bilan to‘qnash kelmoqda. Ushbu virus asosan ko‘rshapalaklar orqali insonlarga yuqadigan zoonoz kasallik. Nipah insonlarda bosh miya yalliglanishi va o‘limga olib keladi.

Nipah virusi O‘zbekistonda qayd etilmagan. Epidemiologik vaziyat barqaror. Bu haqda Sanepidqo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu kasallikni O‘zbekistonga kirib kelish ehtimol juda past bo‘lsada Hindistonga borishga chog‘langan fuqarolarga mazkur virusdan saqlanish uchun quyidagi tavsiyalarga amal qilish muhim.
• shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etish;
• qo‘llarni sovun bilan yaxshilab yuvish;
• antiseptik vositalardan foydalanish;
• mevalar va sabzavotlarni iste’mol qilishdan avval yuvish;
• tekshirilmagan suvni ichmaslik.
• asosiysi ko‘rshapalaklar tirnashi yoki tishlashi natijasida teshilgan mevalarni iste’mol qilmaslik.
Agar yuqori harorat, kuchli bosh og‘rig‘i, qo‘ng‘iroq yoki boshqa kasallik belgilari paydo bo‘lsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak.
«Mamlakatimizda epidemiologik vaziyatni barqaror ushlash hamda chetdan kirib kelishi mumkin bo‘lgan kasalliklarni oldini olish maqsadida 54 ta chegara punktlarida doimiy nazorat olib borilmoqda. Har qanday kasallikning oldini olishda belgilangan qoida va tavsiyalarga amal qilish muhim hisoblanishini unutmang», - deyiladi xabarda.
Nipah virusi - dunyoda vaziyat qanday?
Nipah zoonoz kasallik bo‘lib hayvonlardan insonga yuqadi masalan, ko‘rshapalaklardan. Shuningdek, zararlangan oziq-ovqat orqali va odamdan-odamga yuqishi ham mumkin.
Nipah virusi – bosh miya yallig‘lanishi yoki nafas yo‘llari kasalliklari bilan kechadigan jiddiy kasallikni keltirib chiqaradigan virus turi hisoblanadi.
So‘nggi yillarda NIPAH virusi epidemiyalari muntazam ravishda Hindistonda kuzatilmoqda, shu bilan birga inson kasalligi holatlari Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida ham ro‘yxatga olinadi.
Qachon aniqlangan?
Ilk bor 1999 yilda Malayziyadagi Nipah daryosi atrofida yashovchi cho‘chqa yetishtiruvchi fermerlar orasida Nipah virusi tarqalgan. O‘shandan buyon Janubiy Osiyoda bu kasallikning yana 12-marta avj olishi kuzatildi. 2018 yilda Hindistonning Kerala shtatida Nipah virusi tarqalib, 17 kishi halok bo‘lgan edi. 2021 yil sentabrda aynan shu shtatda yana bir marta epidemiya qayd etildi, oqibatda 12 yoshli bola vafot etdi va 11 kishida infeksiya belgilari aniqlandi. 2023 yil sentabrda Hindistonda virusning navbatdagi tarqalishi oqibatida yana ikki kishi hayotdan ko‘z yumdi.





