add

Jo‘rabek Mirzamahmudov: «Qambar-Ota GES–1 loyihasi 4,2 milliard dollarga baholandi»

07.10.2025 | 11:3012824

Dastlabki hisob kitoblarga ko‘ra, Qambar-Ota GES-1 loyihasining qiymati 4,2 mlrd dollarga baholanmoqda, 5,6 mlrd dollarlik moliyaviy portfel shakllantirilgan.

Jo‘rabek Mirzamahmudov: «Qambar-Ota GES–1 loyihasi 4,2 milliard dollarga baholandi»
Qirg‘iziston hududida barpo etiladigan Qambar-Ota GES–1 qurilishi loyihasining umumiy qiymati 4,2 milliard dollarga baholanmoqda. Bu haqda O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi. Uning aytishicha, loyiha bo‘yicha sentyabr oyida Bryusselda o‘tkazilgan yig‘ilishda Jahon banki, YeTTB, YAIB, OIIB, OTB, OPEK jamg‘armasi hamda Italiya moliya institutlari ishtirok etgan va qurilishni moliyalashtirishga katta qiziqish bildirgan. Vazir ta’kidlaganidek, hujjatlar to‘liq tayyor bo‘lmasdan turib ham loyiha xalqaro moliya institutlarining diqqat markazida turibdi. «Oldin bunday loyihalarni muhokama qilish uyog‘da tursin, gapirish ham mumkin emasdi. Bugun esa tashkil etilayotgan muloqotlarni xalqaro moliya institutlari ham yuqori darajada baholamoqda. Ular O‘zbekiston prezidentining roli yuqori ekanligini e’tirof etdi. Davlat rahbari qo‘shni mamlakatlar bilan iqtisodiy hamkorlikni ustuvor vazifa sifatida belgilamaganda va loyihada ishtirok etish tashabbusini bildirmaganda hozirgi natijaga erishmagan — donorlarning ro‘yxati shakllanmagan bo‘lardi», — dedi vazir. Qambar-Ota GES–1 xalqaro ekspertlar tomonidan ekologik, xavfsizlik va iqtisodiy mezonlar asosida ishlab chiqiladi. Loyiha milliy manfaatlarni inobatga olgan holda amalga oshiriladi. Uning moliyaviy portfeli 5,6 milliard dollarni tashkil etadi. Hukumatlar orasida kelishuv ishlab chiqilib, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ishtirokida qo‘shma korxona tashkil etiladi. Unda O‘zbekiston va Qozog‘istonning ulushi 33 foizdan, Qirg‘izistonniki esa 34 foizni tashkil qiladi. Loyiha tijorat tamoyillariga asoslangan bo‘lib, har bir mamlakat o‘z ulushi doirasida elektr energiyasini sotib olish huquqiga ega bo‘ladi. Shuningdek, Qambarota GES–1 «yashil energiya» salohiyatini oshirish bilan birga, suv resurslaridan oqilona foydalanish imkonini yaratadi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, yozgi mavsumda qo‘shimcha suv manbalarini yetkazib berish imkoniyati ham paydo bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid