
Krishtianu Ronaldu tarixdagi ilk milliarder futbolchiga aylandi
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, portugaliyalik yulduz futbolchi Krishtianu Ronalduning mol-mulki 1,4 mlrd dollarga yetdi — u futbol tarixidagi birinchi milliarderga aylandi.

Portugaliya terma jamoasi va Saudiyaning «An-Nasr» klubi hujumchisi Krishtianu Ronalduning umumiy boyligi 1,4 mlrd dollarga deb baholandi. Bu haqda Bloomberg Billionaires Index ma’lum qildi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 40 yoshli Ronaldu iyun oyida «An-Nasr» bilan umumiy qiymati 400 mln dollardan ortiq yangi shartnoma imzolagan. Shu bilan u tarixdagi birinchi futbolchi-milliarder sifatida qayd etildi.
2002–2023 yillar orasida Ronaldu futboldan 550 mln dollardan ziyod daromad topgan. U Nike bilan 10 yillik shartnoma imzolab, yiliga taxminan 18 mln dollar ishlab topadi. Shuningdek, Armani va Castrol kabi yirik brendlar bilan hamkorlik uning moliyaviy ahvolini yana 175 mln dollarga oshirgan.
2023 yilda Saudiyaga o‘tishi futbolchining eng daromadli bosqichiga aylandi. «An-Nasr» bilan tuzilgan kelishuv unga yillik 200 mln dollar atrofida maosh va bonuslar keltirmoqda. Bundan tashqari, Ronaldu 30 mln dollar imzolash bonusi va bir qator qo‘shimcha imtiyozlarga ham ega bo‘ldi.
Ronaldu professional karerasi davomida «Sporting» (Lissabon), «Manchester Yunayted», «Real Madrid» va «Yuventus» jamoalarida o‘ynagan. U besh marta Chempionlar ligasida, uch marta Angliya chempionatida, shuningdek Ispaniya va Italiya chempionatlarida g‘olib bo‘lgan.
Portugaliya terma jamoasi safida u 223 o‘yinda 141 gol urgan, 2016 yilda Yevropa chempioni, shuningdek ikki marta UEFA Millatlar ligasi g‘olibi bo‘lgan.





