add

Navbatdagi urinish: to‘y, ma’raka va oilaviy marosimlarda mehmonlar soni qat’iy nazoratga olinadi

22.09.2025 | 13:0022694

2026-2030 yillar O‘zbekistonda «Dolzarb oziq-ovqat xavfsizligi davri» deb e’lon qilinmoqda va to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar belgilangan tartibda o‘tkazilishi qat’iy nazoratga olinishi belgilanmoqda.

Navbatdagi urinish: to‘y, ma’raka va oilaviy marosimlarda mehmonlar soni qat’iy nazoratga olinadi
Vazirlar Mahkamasining 16 sentyabrdagi qaroriga ko‘ra, aholi o‘rtasida to‘g‘ri ovqatlanish odatlarini shakllantirish, ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olish hamda me’yoridan ortiq iste’molni targ‘ib qilishni cheklash yuzasidan ommaviy axborot vositalarida targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish ham belgilangan. Shuningdek, 2026-2030 yillarda «Dolzarb oziq-ovqat xavfsizligi davri»ni samarali tashkil etish, uni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Senat kengashining 2019 yil 14 sentyabrdagi qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan to‘ylar, oilaviy tantanalar va ma’rakalar nizom talablari asosida o‘tkazilishi belgilangan. Parlamentning har ikki palatasi tasdiqlangan Nizomga muvofiq:
  • Oilaviy tadbirlarda 200 nafargacha mehmon, osh berish marosimida esa 250 nafargacha kishi;
  • Qo‘shaloq to‘ylarda 250 nafargacha mehmon chaqirish, unga bog‘liq osh marosimida esa 300 nafargacha kishi qatnashishi belgilangan.
Milliy qadriyatlarga zid va ortiqcha xarajat talab qiladigan rasm-rusumlar taqiqlanadi. Xususan, «kuyov navkar», «charlar», «ota ko‘rdi», «sep yoydi», «quda chaqirdi», «kuyov chaqirdi», «kelin chaqirdi», «tog‘ora yuborish» kabi qo‘shimcha marosimlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, dafn va motam marosimlariga oid ortiqcha udumlar ham cheklanadi. «Yetti», «payshanbalik», «yakshanbalik», «yigirma», «qirq», «hayitlik», «yil oshi», «pul tarqatish», «mato ulashish» kabi rasmiyatlar taqiqlanib, faqat zaruriy diniy va milliy urf-odatlar saqlanishi belgilandi. Dastur nafaqat sarf-xarajatlarni tejashga, balki ma’naviy muhitni soflashtirish va milliy qadriyatlarni asrab-avaylashga qaratilgan. Bu orqali oilaviy marosimlar sodda, mazmunli va ma’rifatli o‘tishini ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid