Logo

Dunyoda o‘ta kambag‘al odamlar soni ko‘paydi

Bugun 15:003 daqiqa

2026-yilgi hisobotda rivojlanayotgan 108 ta mamlakatdagi kambag‘allik darajasi tahlil qilingan. Bu davlatlarda jahon aholisining 78 foizi yashaydi. Agar inson sog‘liqni saqlash, ta’lim va yashash sharoitini qamrab oluvchi 10 ta ko‘rsatkichdan kamida uchdan bir qismi bo‘yicha yetishmovchilikka duch kelsa, u kambag‘al hisoblanadi.

Dunyoda o‘ta kambag‘al odamlar soni ko‘paydi © Magnific

2010-yildan beri birinchi marta o‘ta kambag‘allikda yashayotgan odamlar soni ko‘paydi. Hozirda dunyo bo‘yicha bunday insonlar soni 1,2 milliardga yetgan. Bu haqda BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) ekspertlari ma’lum qildi.

BMT Taraqqiyot dasturi va Oksford universitetining kambag‘allik hamda inson taraqqiyotini o‘rganuvchi tashabbusi tomonidan e’lon qilingan Global ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indeksi ma’lumotlariga ko‘ra, avvalgi hisobot e’lon qilinganidan beri ko‘p o‘lchovli kambag‘allikda yashayotganlar soni 51,5 million kishiga oshgan. Ularning yarmidan ko‘pini — 617 million nafarini bolalar tashkil etadi.

Kambag‘allikda yashayotganlarning aksariyati, ya’ni 83 foizi qishloq joylarda istiqomat qiladi. Shu bilan birga, reytingga kiritilgan 89 ta mamlakatning 30 tasida 15 yildan kam vaqt ichida kambag‘allik darajasi qariyb ikki barobarga qisqargan. Ular orasida Misr, Nepal, Vietnam va Xitoy bor.

Ekspertlar kambag‘allikda yashayotganlar soni ko‘payishining asosiy sabablaridan biri sifatida aholi sonining o‘sishini ko‘rsatmoqda.

«Angola va Zambiyada ham kambag‘al aholi ulushi kamaygan. Biroq aholi sonining o‘sish sur’ati kambag‘allikning qisqarish sur’atidan yuqori bo‘lgan. Natijada kambag‘allar ulushi pasayganiga qaramay, ularning umumiy soni ko‘paygan», — deya tushuntirdi BMT.

Global ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indeksi faqat odamlarning daromadini emas, balki ularning kundalik turmush sharoitini ham hisobga oladi. Agar inson sog‘liqni saqlash, ta’lim va yashash sharoitini qamrab oluvchi 10 ta ko‘rsatkichdan kamida uchdan bir qismi bo‘yicha yetishmovchilikka duch kelsa, u kambag‘al hisoblanadi.

2026-yilgi hisobotda rivojlanayotgan 108 ta mamlakatdagi kambag‘allik darajasi tahlil qilingan. Bu davlatlarda jahon aholisining 78 foizi yashaydi. Shu sababli tadqiqot dunyodagi o‘ta kambag‘allikning ko‘lami va qay darajada jiddiy ekanini baholash imkonini beradi.

Ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indeksi o‘sishining bir qismi aholi soni ko‘payishi bilan bog‘liq. 2026-yilda 13 ta mamlakat bo‘yicha hisob-kitoblar yangilangan. Ularning beshtasida o‘ta kambag‘allikda yashayotganlar ulushi sezilarli darajada kamaygan. Misr, Nepal va Tojikistonda esa kambag‘allik darajasi ham, bunday sharoitda yashayotgan odamlar soni ham ancha qisqargan.

Angola va Zambiyada ham kambag‘allik darajasi pasaygan. Biroq aholi soni kambag‘allik qisqarishiga nisbatan tezroq o‘sgani sababli, kambag‘allikda yashayotgan odamlarning umumiy soni ko‘paygan. 2010-yillarda Nigeriyada kambag‘allik sezilarli darajada qisqargan edi. Ammo 2020-yillarda vaziyat yomonlashgan: kambag‘allik darajasi ham, bunday sharoitda yashayotgan aholi soni ham oshgan.

33 ta mamlakatda o‘ta kambag‘allikda yashayotganlar ulushi 15 yildan kam vaqt ichida ikki barobarga qisqargan. Ular orasida Sahroi Kabirning janubida joylashgan Afrikaning oltita davlati ham bor. Esvatinida ko‘p o‘lchovli kambag‘allik darajasi 38,7 foizdan 8 foizga tushgan.

2026-yil yanvar–iyun oylarida Argentinada kambag‘allik darajasi 4,1 foiz bandga oshdi. Ya’ni bu ko‘rsatkich 28,2 foizdan 32,3 foizga yetdi. Bu esa amaldagi hukumatning avval erishgan yutuqlarining katta qismini yo‘qqa chiqardi. O‘ta kambag‘allikda yashayotganlar ulushi ham 6,3 foizdan 7,5 foizga ko‘tarildi. Mamlakatda ishsizlik darajasi 7,9 foizga yetdi. Bu 2021-yildan beri qayd etilgan eng yomon ko‘rsatkich bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Vaqt.uz avvalroq O‘zbekistonda odamlarni kambag‘allik va qashshoqlikdan chiqarish uchun nimalar qilish kerakligi haqida yozgandi.

Teglar

Mavzuga oid