Logo

«Yandex Go» ishlamay qolishi sababli Qozog‘istonda taksi narxi uch baravarga oshdi

Bugun 16:152 daqiqa

Bo‘sh mashinalar kamayib ketgach, ayrim haydovchilar yo‘l haqini yuqoriroq so‘ray boshlagan.

«Yandex Go» ishlamay qolishi sababli Qozog‘istonda taksi narxi uch baravarga oshdi © Yandex Go

Qozog‘istonda «Yandex Go» xizmati vaqtincha ishlamay qolganidan keyin taksi narxlari keskin oshgani haqida xabarlar tarqaldi. Shu sababli mamlakat Raqobatni himoya qilish va rivojlantirish agentligi inDrive xizmatiga ogohlantirish yubordi.

Bunga 11-oktabr kuni taksida yurish narxi keskin ko‘tarilgani haqidagi xabarlar sabab bo‘lgan.

«Foydalanuvchilarning ommaviy ravishda boshqa taksi buyurtma qilish platformalariga o‘tishi natijasida inDrive xizmatiga talab sezilarli darajada oshdi. OAV xabarlariga ko‘ra, ayrim hollarda safar narxi qariyb uch baravarga ko‘tarilgan», — deyiladi agentlik xabarida.

inDrive’da yo‘lovchi va haydovchi safar narxini o‘zaro kelishib belgilaydi. Bo‘sh mashinalar kamayib ketgach, ayrim haydovchilar yo‘l haqini yuqoriroq so‘ray boshlagan.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, vaziyatni barqarorlashtirish uchun xizmat quyidagi choralarni ko‘rgan:

— komissiyani majburiy soliqlarni qoplash uchun zarur bo‘lgan eng past darajaga tushirgan;
— yo‘l haqini kelishishda taklif qilinishi mumkin bo‘lgan eng yuqori narx chegarasini belgilagan.

Qozog‘iston Raqobatni himoya qilish va rivojlantirish agentligi mamlakatda taksi buyurtma qilish platformalari bozorida bir nechta yirik xizmatning ta’siri kuchli ekanini ta’kidladi. Shu sababli taksi xizmatlari aholi uchun hamyonbop bo‘lishi va narxlar asossiz oshirilmasligi iste’molchilar manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyatga ega.

Tadbirkorlik kodeksining 174-moddasiga ko‘ra, bozor ishtirokchilarining noma’lum doiradagi iste’molchilarning qonuniy huquqlariga zarar yetkazadigan harakatlari raqobatni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish alomatlarini o‘z ichiga olishi mumkin.

«Shu munosabat bilan agentlik monopoliyaga qarshi qonunchilikni buzishga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik haqida yozma ogohlantirish yubordi», — deyiladi xabarda.

Agentlik ogohlantirish jazo chorasi emas, balki ehtimoliy qoidabuzarliklarning oldini olishga qaratilganini bildirdi. Uning maqsadi — iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va bozorda halol raqobatni ta’minlash.

Shuningdek, agentlik xalqaro amaliyotda favqulodda vaziyatlar va kutilmagan holatlarda narxlarning keskin oshishini cheklash mexanizmlari mavjudligini qayd etdi.

Qozog‘istonda «Yandex» xizmatlari Rossiyaning Vladimir shahridagi ma’lumotlar markaziga qilingan hujumlardan keyin ishlamay qolgan. Qozog‘iston sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi esa mamlakat foydalanuvchilarining shaxsiy ma’lumotlari saqlanadigan serverlar odatdagidek ishlayotganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Qozog‘istonda «Yandex Go» xizmatida uzilishlar kuzatilayotgani haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid