Logo

Tomorqa issiqxonalari uchun yer va mol-mulk soliqlari 50 foizga kamaytirilishi mumkin

Bugun 13:202 daqiqa

O‘zbekistonda tomorqa issiqxonalariga soliq imtiyozlarini berish, jumladan, aylanmadan olinadigan soliqdan ozod qilish, 2030-yilgacha yer va mol-mulk soliqlarini 50 foizga kamaytirish hamda energiya tejamkor tizimlar iste’mol qilgan elektr energiyasi xarajatining yarmini qoplash taklif etilmoqda.

Tomorqa issiqxonalari uchun yer va mol-mulk soliqlari 50 foizga kamaytirilishi mumkin © Ijtimoiy tarmoqlar

Shavkat Mirziyoyev issiqxona xo‘jaliklarida ekologik xavfsiz va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Unda shaxsiy tomorqalardagi issiqxonalarni modernizatsiya qilish uchun bir qator soliq va moliyaviy imtiyozlar berish taklif qilindi.

Xususan, 2030-yilgacha tomorqa issiqxonalari uchun yer va mol-mulk soliqlarini 50 foizga kamaytirish, aylanmadan olinadigan soliqdan ozod qilish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, energiya tejamkor tizimlar iste’mol qilgan elektr energiyasi xarajatining yarmini qoplash taklif etilgan.

Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi xonadonlarga ekologik toza energiya manbalari hamda samarali uskunalarni joriy etish uchun 100 million so‘mgacha grant ajratish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Yangi issiqxona qurishga 300 million so‘mgacha, mavjudini qayta jihozlashga esa 150 million so‘mgacha imtiyozli kredit berish taklif qilindi.


Issiqxonalarga yangi talablar

Toshkent shahri va unga tutash beshta tumanda issiqxonalar uchun maxsus ekologik tartib joriy etish taklif qilindi. Unga ko‘ra, tabiiy gaz, elektr energiyasi, geotermal va quyosh energiyasi, shuningdek, issiqlik elektr stansiyalarining ikkilamchi issiqligidan foydalanish mumkin bo‘ladi.

Shina, plastmassa, bitum, mazut, ishlatilgan moy va chiqindilarni yoqish taqiqlanishi ko‘zda tutilmoqda. Qattiq yoqilg‘ida ishlayotgan issiqxonalarga 2026 yil 1-dekabrga qadar ekologik toza energiya manbalariga o‘tish taklif etildi.

2026-yil 15-oktabrdan 2027-yil 15-martgacha issiqxonalarda doimiy ekologik monitoring o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Chang-gaz tozalash uskunalari, havoga chiqarilayotgan tashlamalar va yoqilg‘i turlariga qo‘yilgan talablar nazorat qilinadi. Ma’lumotlar Ekologiya qo‘mitasining axborot tizimiga real vaqt rejimida uzatiladi. Qoidabuzarliklar aniqlansa, zarur hollarda issiqxona faoliyati to‘xtatilishi mumkin.

Issiqxonalar ko‘chirilishi mumkin

Taqdimotda issiqxona xo‘jaliklarini ekologik talablarga moslashtirish uchun har gektarga 50 million so‘mgacha subsidiya va yetti yil muddatga 3 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit ajratish taklif etildi.

Shuningdek, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidagi «Surxon-Agro» erkin iqtisodiy zonasida zamonaviy issiqxonalar va agrologistika obyektlarini barpo etish rejalashtirilmoqda. Bu yerga banklar balansidagi issiqxonalarni ham ko‘chirish taklif qilindi.

Loyiha doirasida 400 gektar maydonda issiqxonalar va agrologistika obyektlarini qurish, infratuzilmaga 220 milliard so‘m va loyihalarni moliyalashtirishga 200 milliard so‘m yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. 2027 yilda 100 million dollar investitsiya jalb qilish vazifasi belgilangan.

Teglar

Mavzuga oid