Logo

O‘zbekistonning yangi mudofaa vaziri, Sirdaryoning yangi hokimi va arzonlashgan mahalliy reyslar — 12-oktabr dayjesti

Kecha 22:383 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

O‘zbekistonning yangi mudofaa vaziri, Sirdaryoning yangi hokimi va arzonlashgan mahalliy reyslar — 12-oktabr dayjesti

Ichki aviaqatnovlar uchun chiptalar narxi 20 foizgacha arzonlashadi

O‘zbekistonda 16-oktabrdan boshlab ichki aviaqatnovlar uchun chiptalar narxi 20 foizgacha pasaytiriladi. Mazkur o‘zgarish Raqobat qo‘mitasi va «Uzbekistan Airways» kompaniyasi hamkorligida, prezident topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Qo‘mita tomonidan aviatsiya bozoridagi tashish xarajatlari tahlil qilinib, ularni optimallashtirish hisobiga narxlarni tushirish bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar yuqori turuvchi organlar tomonidan ma’qullandi.

Bunday qarordan ko‘zlangan asosiy maqsad — aholi uchun ichki yo‘nalishlardagi aviaqatnovlarni yanada qulay va hamyonbop ko‘rinishga keltirishdir. Chiptalar narxining arzonlashishi mamlakatda ichki turizmni rivojlantirishga, shuningdek, fuqarolarning xizmat safarlari hamda shaxsiy tashriflari bilan bog‘liq xarajatlarini kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Prezident Yangi Toshkentga qancha investitsiya kiritilganini ma’lum qildi

12-oktabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishi yuzasidan investorlar va tadbirkorlar bilan o‘tkazgan muloqotida loyihaga shu vaqtgacha 2 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritilganini ma’lum qildi. Umumiy maydoni 20 ming gektar bo‘lgan hududning birinchi bosqichida 50 milliard dollarlik qurilishlar rejalashtirilgan bo‘lib, so‘nggi ikki yil ichida yerning bir gektar qiymati 10 milliard so‘mdan 19 milliard so‘mgacha oshgani qayd etildi. Biroq, asosiy ishlar davlat mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgani, byurokratik to‘siqlar va eskicha talablar sababli xususiy sektorning qurilishlarga jalb qilinish sur’ati pastligi hamda investorlar loyihalari kechikayotgani tanqid ostiga olindi.

Davlat rahbari Yangi Toshkent faqatgina turar joy hududi emas, balki yirik biznes, ta’lim, tibbiyot va turizm markaziga aylanishi kerakligini ta’kidladi. Joriy yil oxirigacha 20 mingta xonadon foydalanishga topshirilib, 70 ming kishilik yangi yashash muhiti yaratilishi ko‘zda tutilmoqda. Shu bilan birga, shaharda kelasi yili yoshlar o‘rtasidagi futbol bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qiluvchi 55 ming o‘rinli stadion barpo etilmoqda hamda vazirlik va idoralarning ushbu hududga ko‘chishini jadallashtirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Fitch «Anorbank» reytingini yana pasaytirdi

Xalqaro reyting agentligi «Fitch Ratings» bankning asosiy aksiyadori Qahramonjon Olimovga nisbatan Interpol tomonidan «qizil yorliq» e’lon qilinganini sabab qilib, «Anorbank»ning uzoq muddatli reytingini «CCC+» dan «CCC» ga tushirdi. Agentlik fikricha, mazkur holat bankning to‘lov qobiliyati va kapitallashtirish rejasiga xavf tug‘diradi. Bu agentlik tomonidan sentabr oyidan buyon bank reytingining ikkinchi bor pasaytirilishidir.

Holat yuzasidan Markaziy bank munosabat bildirib, aksiyadorga oid masalalar «Anorbank»ning kundalik faoliyatiga ta’sir qilmayotganini, barcha omonat, kredit va to‘lov operatsiyalari uzluksiz bajarilayotganini hamda bankning moliyaviy ko‘rsatkichlari belgilangan talablarga to‘liq javob berishini ta’kidladi. Shu bilan birga, vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida bank tomonidan 100 milliard so‘mlik qo‘shimcha aksiyalar chiqarilishi ma’qullandi va Q.Olimov kuzatuv kengashi tarkibidan chiqish bo‘yicha ariza berdi.

Shuhrat Xolmuhamedov ishdan ketdi: yangi mudofaa vaziri tayinlandi

O‘zbekiston Prezidentining tegishli farmoni bilan Botir Qudratxo‘jayev mamlakatning yangi mudofaa vaziri etib tayinlandi. Mazkur lavozimda 2024 yilning noyabridan buyon faoliyat yuritib kelgan Shuhrat Xolmuhamedov esa boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan vazifasidan ozod etildi.
Yangi mudofaa vaziri Botir Qudratxo‘jayev ushbu tayinlovga qadar ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari — Tezkor-qidiruv departamenti boshlig‘i sifatida ishlab kelayotgan edi. Mehnat faoliyati asosan prokuratura va huquqni muhofaza qilish organlari bilan bog‘liq bo‘lgan Qudratxo‘jayev, shuningdek, turli yillarda Majburiy ijro byurosi rahbari, Harbiy prokuror va Favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimlarida ham mehnat qilgan.

Turdimovning o‘rniga Sirdaryoga yangi hokim keldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni bilan Doniyor Baxtiyorovich Qodirov Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Mazkur tayinlov sobiq viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimiga o‘tishi ortidan amalga oshirildi.

Doniyor Qodirov ushbu yangi lavozimga qadar 2025 yil iyul oyidan buyon Prezident administratsiyasining Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi masalalari departamenti rahbari sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi. Shuningdek, u muqaddam qariyb ikki yil davomida Prezidentning tegishli masalalar bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ham ishlagan.

Teglar

Mavzuga oid