Logo

Qozog‘istonda islomiy banklar aktivlari qariyb 33 barobar oshdi

Bugun 13:258 daqiqa

Ammo bu o‘sish bozorning 0,5 foiziga ham yetmaydi. Islomiy banklar Qozog‘iston bank aktivlarining 0,4 foizini tashkil etgan. Qo‘shni Qirg‘izistonda bu ko‘rsatkich 1,1 foiz. O‘zbekistonda esa hali islomiy banklar yo‘q. Ayni paytda 17 ta tijorat banki, jumladan davlat banklari ham islomiy bank faoliyatini amalga oshirishga ruxsat beruvchi litsenziya uchun ariza topshirgan.

Qozog‘istonda islomiy banklar aktivlari qariyb 33 barobar oshdi © Foto: klerk.ru

Islomiy moliya jahon moliya tizimida muhim o‘rin tutadi. Islomiy moliyaviy xizmatlar kengashi (IFSB) ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning uchinchi choragida islomiy moliya tizimining umumiy aktivlari 4,4 trillion dollarga yetgan. Ushbu mablag‘larning qariyb 69 foizi islomiy banklar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Yana qariyb chorak qismi esa sukuklarga to‘g‘ri kelgan. Bir yil ichida bozor hajmi 13,4 foizga o‘sgan.

Islomiy moliyaning an’anaviy bank tizimidan asosiy farqi shundaki, bank oddiy foizli kredit berib, undan foiz daromadi olmaydi. Buning o‘rniga ustama bilan oldi-sotdi qilish, mol-mulkni ijaraga berish, birgalikda investitsiya kiritish va mablag‘larni boshqarish kabi usullardan foydalaniladi.

Masalan, bank biror mahsulotni sotib olib, mijozga ustama narxda qayta sotishi mumkin. Yoki mol-mulkni sotib olib, mijozga ijaraga beradi. Bunday operatsiyalar shariat qoidalariga mos bo‘lishi kerak. Jumladan, mablag‘larni taqiqlangan faoliyat turlariga yo‘naltirish mumkin emas. Shuningdek, bitim shartlari va tomonlarning majburiyatlari oldindan aniq belgilanishi lozim.

Islomiy banklarning mamlakatlar bank tizimidagi ulushi bir-biridan keskin farq qiladi. Somali, Sudan va Eronda bank aktivlarining 100 foizi islomiy banklarga to‘g‘ri keladi. Saudiya Arabistonida bu ko‘rsatkich 75,8 foiz, Malayziyada 34,3 foiz, Bahraynda 27 foiz, Birlashgan Arab Amirliklarida 24 foiz va Turkiyada 9,7 foizni tashkil etadi.

Islomiy banklar aholining aksariyati musulmon bo‘lmagan mamlakatlarda ham faoliyat yuritadi. Masalan, Buyuk Britaniyada ular jami bank aktivlarining 0,1 foiziga egalik qiladi. Qozog‘istonda esa islomiy banklarning bank bozoridagi ulushi hozircha kichik. 2025-yilning uchinchi choragida ular mamlakat bank aktivlarining 0,4 foizini tashkil etgan. Qo‘shni Qirg‘izistonda bu ko‘rsatkich 1,1 foizga teng bo‘lgan.

Shunga qaramay, Qozog‘istondagi islomiy banklarning aktivlari so‘nggi besh yil ichida yiliga o‘rtacha 19,2 foizdan o‘sib borgan. Qirg‘izistonda esa yillik o‘sish 24,7 foizni tashkil etgan.

2010-yilning avgust oyida Qozog‘istondagi islomiy banklar aktivlari 9,6 milliard tenge bo‘lgan. 2026-yilning avgustiga kelib, bu ko‘rsatkich 315,3 milliard tengega yetgan. Ya’ni 16 yil ichida aktivlar qariyb 33 barobar oshgan.

Islomiy banklarning mamlakat bank tizimidagi jami aktivlar ulushi ham 0,08 foizdan 0,42 foizga ko‘tarilgan. Ayniqsa, 2024-yilda keskin o‘sish kuzatilgan. 2023-yilning avgustida 96,7 milliard tengeni tashkil etgan aktivlar bir yil ichida 218,5 milliard tengega yetgan. 2025-yilning avgustida esa bu ko‘rsatkich 299,2 milliard tengeni tashkil qilgan.

Biroq banklardagi omonatlar bo‘yicha islomiy banklarning ulushi ancha pastligicha qolmoqda. 2026-yil avgustda ular Qozog‘iston bank tizimidagi jami omonatlarning atigi 0,08 foiziga ega bo‘lgan. Kredit va moliyalashtirish portfelidagi ulushi esa 0,39 foizni tashkil etgan.

Qozog‘istondagi islomiy banklarning moliyalashtirish portfeli asosan ADCB Islomiy banki hissasiga to‘g‘ri keladi. 2026-yil avgustda mamlakatdagi ikkita islomiy bankning umumiy moliyalashtirish portfeli 182,5 milliard tenge bo‘lgan. Shundan 165,2 milliard tenge yoki 90,5 foizi ADCB Islomiy bankiga, 17,3 milliard tenge esa Zaman-Bank Islomiy bankiga tegishli bo‘lgan. 2021-yilning avgustida esa ular o‘rtasidagi farq ancha kichik edi: ADCB Islomiy bankining portfeli 26,7 milliard tenge, Zaman-Bank'niki esa 16,2 milliard tenge bo‘lgan.

Besh yil ichida ADCB Islomiy bankining moliyalashtirish portfeli olti barobardan ko‘proq oshgan. Zaman-Bank'da esa bu ko‘rsatkich deyarli o‘zgarmagan. Jismoniy shaxslarning omonatlari hajmi ham yildan yilga sezilarli o‘zgarib turadi. 2026-yilning avgustida ADCB Islomiy bankida bunday omonatlar 4,7 milliard tenge, Zaman-Bank Islomiy bankida esa 377,2 million tenge bo‘lgan.

Holbuki, 2024-yilning avgustida Zaman-Bank'da jismoniy shaxslarning omonatlari 17,1 milliard tengega yetgan edi. Bir yil o‘tib, bu ko‘rsatkich 5,1 milliard tengegacha tushgan. Kompaniyalar va boshqa yuridik shaxslarning omonatlari esa ancha katta. 2026-yilning avgustida ularning hajmi ADCB Islomiy bankida 26,6 milliard tenge, Zaman-Bank'da esa 7,7 milliard tenge bo‘lgan.

Qozog‘istonda islomiy moliya faqat ikkita bank bilan cheklanmaydi. Ostona xalqaro moliya markazida ham islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar faoliyat yuritadi. 2026-yilning oktabr oyi boshidagi holatga ko‘ra, AFSA reyestrida amaldagi litsenziyaga ega bitta islomiy bank va islomiy moliyalashtirish bo‘yicha litsenziya olgan oltita kompaniya qayd etilgan.

Islomiy moliyaning yana bir vositasi — sukuk. U tashqi ko‘rinishidan obligatsiyaga o‘xshaydi, ammo investorning daromadi foizga emas, balki muayyan aktiv, loyiha yoki shariatga mos boshqa bitimga bog‘liq bo‘ladi. Qozog‘iston emitenti tomonidan chiqarilgan ilk sukuk 2012-yilda paydo bo‘lgan. O‘shanda Qozog‘iston taraqqiyot banki 240 million Malayziya ringgiti miqdorida sukuk joylashtirgan.

Biroq undan keyin mamlakat ichidagi sukuk bozori uzoq vaqt deyarli rivojlanmagan. 2024-yilning oxirida esa ichki bozor jonlana boshladi. AIX birjasida «Gamma-T SPC Limited» kompaniyasining qariyb 9,6 million dollarlik sukuklari joylashtirildi. Bu Qozog‘istondagi ichki bozorda chiqarilgan ilk sukuk bo‘ldi.

2025-yilda «Tayyab Finance» kompaniyasi 20 milliard tengegacha sukuk chiqarish dasturini ro‘yxatdan o‘tkazdi. «Asia Mineral Resource» esa mamlakatda jismoniy shaxslar uchun mo‘ljallangan ilk chakana sukukni 10 million dollar miqdorida joylashtirdi. 2026-yilda ham yangi sukuk chiqarilishlari kuzatildi.

2026-yildan boshlab an’anaviy banklar ham o‘z faoliyati doirasida islomiy xizmatlarni taklif qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Buning uchun ular islomiy bank operatsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha litsenziya olishi kerak. Bu tizim «islomiy darcha» deb ataladi. Ya’ni bank o‘zining mavjud filiallari, mobil ilovalari va mijozlar bazasidan foydalangan holda an’anaviy xizmatlar bilan bir qatorda islomiy moliya mahsulotlarini ham taklif qilishi mumkin. Biroq islomiy moliyaga tegishli aktivlar va majburiyatlar an’anaviy bank operatsiyalaridan alohida hisobga olinishi shart.

Qozog‘iston bank tizimidagi ulushi 0,5 foizga ham yetmayotgan islomiy moliya hozircha kichik bozor bo‘lib qolmoqda. Shunga qaramay, uning rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘ldi: Ostona xalqaro moliya markazida yangi kompaniyalar faoliyat boshladi, sukuk bozori jonlandi va an’anaviy banklarga ham islomiy xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat berildi. Endi bozorning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omil moliyaviy vositalarning yetishmasligi emas, balki mijozlarning ularga bo‘lgan talabi bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda islomiy banklar qachon ish boshlaydi?

O‘zbekistonda islom moliyasi bozorini shakllantirish bo‘yicha ishlar jadallashmoqda. «Al-Muomalat Consulting» tashkiloti edvayzer rahbari Hayotjon Azimovning Vaqt.uz'ga aytishicha, ayni paytda 17 ta tijorat banki, jumladan davlat banklari ham islomiy bank faoliyatini amalga oshirishga ruxsat beruvchi litsenziya uchun ariza topshirgan.

Mutaxassis buni bozorda islomiy moliyaviy xizmatlarga talab yuqoriligini ko‘rsatuvchi muhim indikator sifatida baholadi. Uning ta’kidlashicha, bankning litsenziya olish uchun ariza topshirishidan oldin bir qator tayyorgarlik jarayonlari amalga oshiriladi.

Bitta islomiy bank yetarlimi?

O‘zbekistonda 2030-yilgacha mo‘ljallangan strategiyada kamida bitta bankka islomiy bank faoliyati uchun litsenziya berish ko‘zda tutilgan. Biroq Hayotjon Azimovning fikricha, islomiy moliya tizimini faqat bitta bank bilan shakllantirish qiyin. Chunki bu yo‘nalish alohida bankdan ko‘ra kengroq moliyaviy ekotizimni talab qiladi.

Mutaxassisga ko‘ra, bir nechta bank va moliyaviy institutlarning ishtiroki likvidlikni boshqarish, bozor va monetar operatsiyalarni tashkil etish nuqtai nazaridan muhim. Shu sababli keyingi bosqichlarda boshqa banklarga ham litsenziya berilishi tizimning samarali ishlashi uchun zarur bo‘lishi mumkin.

Islomiy bank O‘zbekistonga qanday kirib keladi?

Islomiy bank deganda faqat xorijiy davlatdan keladigan yangi bankni tushunish kerak emas. Mavjud tijorat banklari ham o‘z tarkibida islomiy bank «darchasi» ochishi, alohida tuzilma tashkil qilishi yoki kelgusida islomiy bank faoliyatini yo‘lga qo‘yishi mumkin.

Bundan tashqari, xorijiy investorlarning, xususan Malayziya hamda Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi yirik banklarning O‘zbekiston bozoriga kirish bo‘yicha qiziqishi ham mavjud. Ular yangi bank tashkil etish, filial ochish yoki mavjud banklarni xususiylashtirish jarayonlari orqali bozorga kirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

Islomiy va an’anaviy mablag‘lar aralashib ketmaydimi?

Islomiy bank xizmatlariga qiziqayotgan fuqarolar uchun eng muhim savollardan biri — islomiy moliya mablag‘lari an’anaviy bank operatsiyalaridan qanday ajratilishi. Hayotjon Azimovning so‘zlariga ko‘ra, mablag‘ va hisoblarni ajratish talabi tegishli qonunchilik hamda Markaziy bank nizomlarida belgilangan.

Bu faqat alohida filial yoki «islomiy darcha» darajasida emas, balki bankning ichki hisob-kitoblari, to‘lov tizimlari va boshqa operatsion jarayonlarigacha qamrab olinishi kerak.

Uning ta’kidlashicha, hisoblarni to‘liq ajratish islomiy moliya tamoyillariga muvofiqlikni ta’minlash hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish uchun muhim. Ayni paytda bu borada Markaziy bank darajasida texnik ishlar va uchrashuvlar olib borilmoqda.

Soxta «islomiy banklar»dan qanday himoyalanish mumkin?

Islomiy moliyaga bo‘lgan talabning oshishi bilan birga, undan foydalanib fuqarolarning mablag‘larini noqonuniy jalb qilish xavfi ham mavjud. Suhbatda yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini islomiy bank sifatida ko‘rsatgan «Business Life» nomli tuzilma bilan bog‘liq holat ham tilga olindi.

Mutaxassis fuqarolarga bunday tashkilotlarga mablag‘ topshirishdan oldin uning huquqiy maqomini tekshirishni tavsiya qildi. Uning ta’kidlashicha, litsenziyaga ega bank yoki yangi bank faoliyati haqidagi tegishli ma’lumotlar Markaziy bank tomonidan ham e’lon qilinadi.

Shu sababli fuqarolar ijtimoiy tarmoqlardagi reklama yoki va’dalarga emas, avvalo Markaziy bankning rasmiy ma’lumotlariga tayanishi kerak.

Islomiy omonatlar ham kafolatlanadimi?

Suhbatda islomiy moliya tizimining yana bir muhim jihati — omonatlarni kafolatlash masalasi ham muhokama qilindi. Hayotjon Azimovning ma’lum qilishicha, islomiy banklarda jalb qilinadigan omonatlarni kafolatlash mexanizmini yaratish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Buning uchun islomiy omonatlarni kafolatlash jamg‘armasini tashkil etish jarayoni ko‘rib chiqilmoqda. Bu esa islomiy moliya tizimida hisoblarni ajratish faqat banklarning o‘zida emas, balki moliyaviy tizimning boshqa bo‘g‘inlarida ham ta’minlanishi kerakligini anglatadi.

Tizim qachon to‘liq ishlaydi?


Hozircha suhbatda O‘zbekistonda islomiy bankning aniq qaysi sanadan boshlab faoliyat boshlashi haqida ma’lumot berilmagan. Biroq mutaxassisning ta’kidlashicha, huquqiy baza yaratilgan, tijorat banklari litsenziya olish uchun ariza bermoqda, hisoblarni ajratish, IT tizimlarini moslashtirish va omonatlarni kafolatlash mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

Shunday qilib, O‘zbekistonda islomiy bank tizimini yaratish jarayoni alohida bank ochish bilan cheklanmay, butun moliyaviy ekotizimni shakllantirishni nazarda tutmoqda.

Teglar

Mavzuga oid