«Sberbank»ning data-markaziga hujum qilindi
Bank O‘zbekiston hududida o‘zining jismoniy filiallari yoki bo‘linmalariga ega emas. Biroq, bank va O‘zbekiston o‘rtasida yaqin moliyaviy, raqamli hamkorlik aloqalari mavjud. U mamlakatning ko‘plab yirik banklari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazmalarini yo‘lga qo‘ygan.
© Ijtimoiy tarmoqlar«Sberbank» kompaniyasi o‘z data-markaziga hujum uyushtirilganinini ma’lum qildi. Bu haqda RBK nashri bank matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.
«Hujum bo‘lganini tasdiqlaymiz. Bankning barcha tizimlari odatdagidek ishlamoqda. Xodimlardan hech kim jabrlanmadi», — deyiladi kompaniya boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Vedyaxin izohida.
Ushbu izoh Ukraina Qurolli kuchlari dronlarining Rossiyaning Saratov viloyatidagi obyektlarga hujumi ortdan bank infratuzilmasiga zarar yetgan-yetmagani haqidagi savolga javoban berilgan.
14-oktabr kuni Saratov viloyati gubernatori Roman Busargin dronlar hujumi oqibatida Balakovoda bir nechta turarjoy binolari shikastlangani va bir kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, shahardagi barcha infratuzilma obyektlari odatdagidek ishlamoqda. Shuningdek, gubernator halok bo‘lgan insonning oilasiga yordam ko‘rsatilishini bildirdi.
Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 14-oktabrga o‘tar kechasi mamlakat hududlari uzra 902 ta dron urib tushirilgan. Moskva meri Sergey Sobyaninning ma’lum qilishicha, 13-oktabr kechqurundan 14-oktabr kuni Moskva vaqti bilan soat 07:00 gacha Ukraina Qurolli kuchlarining 493 ta droni Moskva mintaqasi tomon yo‘naltirilgan.
Ma’lumot uchun, 1991-yilda tashkil etilgan «Sberbank» aktivlari bo‘yicha Rossiyadagi eng yirik kredit-moliya idorasi hisoblanadi. Bankning 1990-yillardan buyon yuksalishi qisman uning Rossiya hukumati bilan yaqin aloqalari bilan bog‘liq.
«Sberbank» Rossiyaning 79 ta mintaqasida va 2 ta xorijiy davlatda 87 ta filial va 1 ta vakolatxonaga ega. Ayni paytda bankning Rossiya Federatsiyasida 13,6 mingdan ortiq bo‘limlari va 106 million faol shaxsiy foydalanuvchilari mavjud. Bankning ustav kapitali 67 mlrd 760 mln 844 ming rubl (807 mln 161 ming dollar)ga teng.
Moskva birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, bankning bozor kapitallashuvi 3 trln rubldan (35 mlrd 736 mln 990 ming dollar) oshadi.
«Sberbank» O‘zbekiston hududida o‘zining jismoniy filiallari yoki bo‘linmalariga ega emas. Biroq, bank va O‘zbekiston o‘rtasida yaqin moliyaviy, raqamli va hamkorlik aloqalari mavjud. U O‘zbekistonning ko‘plab yirik banklari bilan hamkorlikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazmalari ekotizimini yo‘lga qo‘ygan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyadagi data-markazlarga dronlar hujumi Markaziy Osiyoda «Yandex» xizmatlarini izdan chiqargandi. Qolaversa, ko‘pchilik foydalanadigan «Uzum Market» faoliyatida katta texnik uzilish kuzatilgandi.





