XVJ O‘zbekiston iqtisodiyoti bo‘yicha prognozini yaxshiladi
Jamg‘arma inflatsiya bo‘yicha prognozini ham oshirdi. Avval XVJ 2026-yilda inflatsiya 6,8 foiz, 2027-yilda esa 5 foiz bo‘lishini taxmin qilgan edi.
© CFPXalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilda 7,8 foizga o‘sishini kutmoqda. Avval bu ko‘rsatkich 6,8 foiz deb baholangan edi. 2027-yil uchun prognoz ham 6 foizdan 6,5 foizga oshirildi. Bu haqda jamg‘armaning oktabr oyida e’lon qilingan yangi hisobotida ma’lum qilingan.
XVJning yangi baholariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilda aprel oyida kutilganidan 1 foiz punktga, 2027-yilda esa 0,5 foiz punktga tezroq o‘sadi. 2025-yilda mamlakatning yalpi ichki mahsuloti (YAIM) 7,7 foizga o‘sgan.
Shu bilan birga, jamg‘arma inflatsiya bo‘yicha prognozini ham oshirdi. Unga ko‘ra, 2026-yilda narxlar 6,9 foizga, 2027-yilda esa 5,7 foizga ko‘tarilishi kutilmoqda. Avval XVJ 2026-yilda inflatsiya 6,8 foiz, 2027-yilda esa 5 foiz bo‘lishini taxmin qilgan edi.
Demak, yangi prognozga ko‘ra, 2026-yilda narxlar avval kutilganidan biroz tezroq, 2027-yilda esa sezilarli darajada tezroq o‘sishi mumkin.
XVJ ishsizlik darajasi pasayishda davom etishini ham kutmoqda. Jamg‘arma baholariga ko‘ra, ishsizlik 2025-yildagi 4,8 foizdan 2026-yilda 4,3 foizga, 2027-yilda esa 3,8 foizga tushadi.
Tashqi savdo va pul o‘tkazmalari bo‘yicha vaziyat
XVJ O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy operatsiyalaridagi taqchillik avval kutilganidan yuqori bo‘lishini prognoz qilmoqda.
Jamg‘arma baholariga ko‘ra, joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi 2026-yilda YAIMning 5,1 foizini, 2027-yilda esa 4,6 foizini tashkil etadi. Aprel oyidagi prognozda bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 3,2 va 3,6 foiz bo‘lishi kutilgan edi.
Oddiy qilib aytganda, bu O‘zbekistonning tovarlar va xizmatlar savdosi, xorijdan olinadigan daromadlar hamda pul o‘tkazmalari bilan bog‘liq tashqi to‘lovlari va tushumlari o‘rtasidagi farq avval taxmin qilinganidan kattaroq bo‘lishini anglatadi.
Yangi prognozga ko‘ra, taqchillik 2026-yilda avvalgi baholashdan 1,9 foiz punktga, 2027-yilda esa 1 foiz punktga yuqori bo‘ladi.
2025-yilda joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi YAIMning 3,9 foizini tashkil etgan. XVJ aprel oyidagi hisobotida taqchillik kamayishini xomashyo va boshqa tovarlar eksportining yuqori hajmi, shuningdek, xorijdan keladigan pul o‘tkazmalari ko‘payishi bilan izohlagan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari XVJdan qancha qarzdorligi haqida yozgan edik.





