
O‘ldir, sulh va yana o‘ldir. Urushmaslikka va’da bergan Isroil 10 kunda 80 marta kelishuvni buzdi
20.10.2025 | 19:407694
G‘azo hukumati kelishuvga kafil bo‘lgan tomonlarni qoidabuzarliklarni to‘xtatish uchun zudlik bilan aralashishga chaqirdi.

G‘azo hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, 10 oktyabrda G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirganidan beri Isroil kuchlari tomonidan kamida 97 falastinlik halok bo‘ldi va 230 nafari yaralandi. Yakshanba kuni esa 21 ta qoidabuzarlik qayd etildi.
G‘azo hukumati matbuot xizmati bayonotida ta’kidlanishicha, Isroil istilochilari o‘t ochishni to‘xtatish e’lon qilinganidan beri xalqaro gumanitar huquqni qo‘pol ravishda buzgan holda 80 ta hujjatlashtirilgan qoidabuzarlikni sodir etgan.
Qoidabuzarliklar orasida tinch aholiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘q uzish, o‘qqa tutish, qasddan nishonga olish, «olovli to‘siqlar» yaratish va fuqarolarni hibsga olish holatlari qayd etilgan.
Bayonotda aytilishicha, Isroil qo‘shinlari hujumlarni amalga oshirish uchun harbiy texnikalar, aholi punktlari chekkasida joylashtirilgan tanklar, masofadan boshqariladigan nishonga olish tizimlari bilan jihozlangan elektron kranlar, samolyotlar va kvadrokopter dronlardan foydalangan.
«Ushbu qoidabuzarliklar G‘azoning barcha hududlarida istisnosiz qayd etilgan. Bu esa istilochi kuchlar o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga amal qilmaganini va xalqimizga qarshi qotillik hamda terror siyosatini davom ettirayotganini tasdiqlaydi», deyiladi bayonotda.
G‘azo hukumati Isroil kuchlarini qoidabuzarliklar uchun to‘liq javobgar deb hisoblab, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va kelishuvga kafil bo‘lgan tomonlarni qoidabuzarliklarni to‘xtatish uchun zudlik bilan aralashishga chaqirdi.
AQSH prezidenti Donald Tramp taklif etgan reja asosida Falastinning HAMAS guruhi va Isroil o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv 10 oktyabr kuni kuchga kirdi.
Bitim Isroil qo‘shinlarini bosqichma-bosqich olib chiqib ketishni, o‘zaro asirlarni almashishni va zudlik bilan gumanitar yordamni kiritishni nazarda tutadi.
Sulh Isroilning G‘azoga qarshi olib borgan ikki yillik urushini tugatishga qaratilgan bo‘lib, bu urush oqibatida 68 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, 170 mingga yaqini yarador bo‘lgan va G‘azo infratuzilmasining aksariyat qismi vayron etilgan.





