add

O‘zbekiston hayot sifati bo‘yicha reytingga nega kira olmadi?

07.08.2025 | 17:5063510

Reytingga Markaziy Osiyo davlatlari orasidan faqat Qozog‘iston kirgan bo‘lib, u 89 davlat orasida 74-o‘rinni egallagan.

O‘zbekiston hayot sifati bo‘yicha reytingga nega kira olmadi?
Reyting Numbeo Quality of Life Index tomonidan tuzilgan bo‘lib, davlatlarni baholashda bir nechta mezonlar hisobga olinadi va  quyidagi 8 asosiy ko‘rsatkich bo‘yicha reyting shakllantiriladi:
  • Xavfsizlik indeksi (Safety Index)
  • Sog‘liqni saqlash indeksi (Health Care Index)
  • Iqlim indeksi (Climate Index)
  • Yashash narxi va xarajatlar nisbati ( Cost of living and purchasing Index)
  • Uy-joyga yetishuvlilik (Property Price in Income Ratio)
  • Transport tizimi indeksi (Commute Time and Traffic Index)
  • Ifloslanish indeksi (Pollution Index)
  • Mahalliy xarid imkoniyati (Purchasing Power Index).
  Reytingda hayot sifati yuqori davlatlar qaysilar va nega? 2025 yil holatiga ko‘ra, hayot sifati eng yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga Lyuksemburg, Niderlandiya, Daniya, O‘mon, Shveysariya, Finlandiya, Islandiya, Norvegiya, Qatar va Shvetsiya kiradi. Reytingning birinchi pog‘onasida joylashgan Lyuksemburg aholisi yuqori daromad, kuchli sog‘liqni saqlash tizimi va tinch ijtimoiy muhitdan bahramand. Mamlakatda xavfsizlik yuqori bo‘lib, yashash xarajatlari daromadga nisbatan maqbul. Shuningdek, davlatning ekologik siyosati, infratuzilmasi va ijtimoiy xizmatlar sifati ham reytingda yetakchi o‘rin egallashiga sabab bo‘lgan. Ikkinchi o‘rindagi Niderlandiyada sog‘liqni saqlash tizimi, ta’lim sifati, ekologik barqarorlik va transport tizimi yuqori darajada rivojlangan. Mamlakatda fuqarolarning hayotdan qoniqish darajasi yuqori bo‘lib, ijtimoiy himoya tizimi kuchli yo‘lga qo‘yilgan. Bu omillar hayot sifatini sezilarli darajada yaxshilaydi. Daniya uchinchi o‘rinda turibdi. Ushbu davlat aholisi uchun hayot sifatini belgilovchi asosiy omil – ijtimoiy tenglik, mehnat va dam olish o‘rtasidagi muvozanat, yuqori xavfsizlik va yashash uchun qulay muhitdir. Danii iqlimi ham sog‘lom turmush tarzini yuritishga mos. Qiziqarli jihati shundaki, reytingda G‘arb davlatlaridan tashqari, Yaqin Sharq mamlakatlari, xususan, O‘mon va Qatar ham yuqori o‘rinlarni egalladi. Bu davlatlarda sog‘liqni saqlash tizimi yuqori sifatli bo‘lib, yashash xarajatlariga nisbatan daromad darajasi yuqori. Ayniqsa, Qatarda so‘nggi yillarda atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanishga katta e’tibor qaratilmoqda. Shveysariya, Finlandiya, Islandiya, Norvegiya va Shvetsiya kabi Skandinaviya mamlakatlari esa uzoq yillardan beri yuqori hayot sifati bilan ajralib turadi. Ularning barchasida yashil iqtisodiyot, kuchli ijtimoiy himoya tizimi, yaxshi moliyaviy sharoit, ekologik toza muhit, ta’lim va sog‘liqni saqlashning yuqori darajasi mavjud.   O‘zbekiston qanday natija ko‘rsatgan? O‘zbekistonda yashash narxi unchalik baland emas — 24,9 foiz . Taqqoslash uchun: Qozog‘istonda bu ko‘rsatkich 26,6 foiz , Rossiyada 36,1 foiz, Italiyada 57,2 foiz, Germaniyada 64,7 foiz, Isroilda 69,6 foiz va yetakchi Lyuksemburgda esa 73,5 foiz. Xarid qobiliyati bo‘yicha O‘zbekistonning natijasi — 47,8 foiz. Bu ko‘rsatkich Qirg‘iziston (42,2 foiz) va Tojikiston (25,7 foiz)dan yuqori. Mintaqada esa eng yaxshi holat Qozog‘istonda — 54,9 foiz. O‘zbekiston eng yaxshi natijani xavfsizlik bo‘yicha ko‘rsatmoqda. Mamlakat xavfsizlik darajasiga ko‘ra Shveysariya, Islandiya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni va BAA kabi davlatlar qatoriga kirib, dunyodagi eng xavfsiz 30 ta davlat ichida joy olgan. Hayot sifati bo‘yicha esa, agar faqat Toshkent shahriga qarasak, poytaxt Osiyodagi eng yaxshi 30 ta shahar qatoriga kiradi. Toshkent Ostona, Mumbay, Bangkok, Pekin, Shanghay, Anqara va Istanbul kabi yirik shaharlardan yuqoriroq o‘rinda turadi.   Nega O‘zbekiston Numbeo Quality of Life Index hayot sifati indeksiga kira olmadi? Birinchi navbatda, Numbeo platformasining qanday ma’lumotlarga asoslanishini tushunish orqali izohlanadi. Numbeo – bu ochiq va interaktiv platforma bo‘lib, uning ma’lumotlari asosan foydalanuvchilar tomonidan to‘ldiriladigan so‘rovnomalarga asoslanadi. Ya’ni, reytingda ishtirok etuvchi har bir mamlakat yoki shahar haqidagi ko‘rsatkichlar bevosita u yerda yashovchi yoki tashrif buyurgan odamlarning sub’ektiv baholari asosida shakllantiriladi. O‘zbekistonning ushbu indeksga kiritilmaganining asosiy sababi – mamlakatdan kelib tushayotgan foydalanuvchi ma’lumotlarining yetarli emasligidir. Numbeo reytingga faqat yetarlicha statistik bazaga ega bo‘lgan, ya’ni sog‘liqni saqlash, xavfsizlik, yashash xarajatlari, iqlim, transport, ifloslanish va xarid quvvati kabi mezonlar bo‘yicha kamida muayyan miqdorda foydalanuvchi fikri mavjud bo‘lgan davlatlarni kiritadi. O‘zbekistonda esa bu platformadan foydalanuvchilar soni hali yetarli darajada emas. Natijada, mavjud bo‘lgan individual ma’lumotlar umumiy tahlil va reytingga kiritish uchun yetarli statistik og‘irlikka ega bo‘lmaydi. Bundan tashqari O‘zbekiston hali hanuz global ochiq raqamli platformalarga to‘liq integratsiyalashmagan davlatlardan biridir. Raqamli ishtirok yetarlicha emasligi, xalqaro platformalarga nisbatan past qiziqish, mahalliy internet foydalanuvchilari orasida so‘rovnomalarda qatnashish madaniyatining kamligi ham bu jarayonga salbiy ta’sir qiladi. Shuningdek, ayrim holatlarda davlat ichki statistikasi va xalqaro tahlillar o‘rtasida nomuvofiqliklar kuzatilgani uchun, xalqaro platformalar ehtiyotkorlik bilan yondashadi. Mehrinoza Farmonova tayyorladi.

Mavzuga oid