
Prezident: Qarz olmay foizini to‘layapmiz, yangi loyihalarni tezlashtirish shart
16.06.2025 | 11:4032633
Toshkentdagi forumda ishtirok etgan xalqaro investorlar O‘zbekistonga sarmoya kiritishga katta qiziqish bildirib, 30,5 milliard dollarlik savdo va investitsiya shartnomalarini imzoladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda aytilishicha, joriy yilgi investitsiya dasturi doirasida yana 26,5 milliard dollar sarmoya jalb etilishi rejalashtirilgan. Undan tashqari, 1 sentyabrgacha 3,3 milliard dollarlik 35 ta yirik loyiha ishga tushishi shartligi qat’iy ta’kidlandi.
Prezident xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari hisobiga qurilayotgan yo‘l, suv va elektr infratuzilmasiga oid loyihalar ko‘p hollarda 3–5 yillab cho‘zilayotganini tanqid qildi. Bunday holatlar sarmoyadorlar ishonchini susaytishi, mamlakatning investitsion jozibadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini qayd etdi.
Masalan, Osiyo taraqqiyot banki tomonidan 2019 yilda logistika markazlari qurilishi uchun ajratilgan 197 million dollar mablag‘ni o‘zlashtirishdagi kechikishlar tufayli ish boshlanmasidan avval 200 ming dollar qarz foizi to‘langani ma’lum qilindi.
Shuningdek, suv, ekologiya va qishloq infratuzilmasiga jalb qilingan mablag‘lar o‘z vaqtida o‘zlashtirilganida, 6 million dollar qarz foizi tejalishi va boshqa loyihalarni kechiktirmasdan amalga oshirish imkoni bo‘lishi ta’kidlandi.
Prezident mavjud mablag‘lardan oqilona foydalanish, byurokratik to‘siqlar va tenderlar davomiyligini qisqartirish, investitsiya muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha aniq choralar ko‘rilishini talab qildi.





