add

Putin va Trampning odamlari AQSHda uchrashdi

01.02.2026 | 11:252 daqiqa

BAAda Ukraina va Rossiya orasida bo‘lishi rejalashtirilgan ikki tomonlama muzokaralar oldidan Putinning maxsus vakili Florida Trampning kuyovi va maxsus elchisi bilan uchrashdi.

Putin va Trampning odamlari AQSHda uchrashdi

AQSH rasmiylari Rossiya Federatsiyasi prezidentining xorijiy davlatlar bilan investitsiya-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Kirill Dmitriyev bilan “samarali va konstruktiv” muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda kecha, 31-yanvar kuni AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga barham berishga qaratilgan AQSHning vositachilik sa’y-harakatlari doirasida Floridada bo‘lib o‘tgan.

“Biz ushbu uchrashuvdan ruhlandik – u Rossiyaning Ukrainada tinchlikni ta’minlash ustida ishlayotganini ko‘rsatadi. Barqaror va uzoq muddatli tinchlikni izlashda muhim rol o‘ynayotgani uchun prezident Trampdan minnatdormiz”, – deb yozdi Uitkoff X ijtimoiy tarmog‘ida.

U, shuningdek, Amerika delegatsiyasi tarkibiga o‘zi bilan birga moliya vaziri Skott Bessent, AQSH prezidentining kuyovi Jared Kushner va Oq uyning katta maslahatchisi Josh Gryunbaum kirganini qo‘shimcha qildi.

Amerikaliklar delegatsiyasi bilan bo‘lgan “konstruktiv uchrashuv” haqida Kirill Dmitriyev ham bayonot berdi. U X tarmog‘ida 31-yanvar kuni Floridada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Ukraina masalasidagi tartibga solish, shuningdek, Rossiya bilan AQSH o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik mavzusi muhokama qilinganini ma’lum qildi.

Abu-Dabidagi Rossiya va Ukraina muzokaralari

Dmitriyevning AQSHga tashrifi Moskva va Kiyev o‘rtasida Abu-Dabida o‘tkazilishi rejalashtirilgan navbatdagi muzokaralar raundi arafasida bo‘lmoqda. Ushbu uchrashuv 1-fevralga belgilangan. AQSH 23-24-yanvar kunlari BAA poytaxtida bo‘lib o‘tgan avvalgi raundda ishtirok etgan. AQSH davlat kotibi Marko Rubio ikkinchi raund ikki tomonlama bo‘lishini aytgan, biroq Vashington ham unda ishtirok etishi mumkinligini inkor etmagan.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 30-yanvar kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Vladimir Putindan Kiyevga zarbalar berishdan “muzokaralar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida” tiyilib turishni so‘raganini tasdiqladi. Biroq Peskovning ta’kidlashicha, gap faqat 1-fevralgacha bo‘lgan muddat haqida ketgan. Tramp esa 29-yanvar kuni Putin yaqingi yetti kun davomida Ukraina shaharlarini o‘qqa tutishni to‘xtatishga rozi bo‘lganini aytgan edi.

Shu bilan birga, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy avvalroq AQSH va Eron o‘rtasidagi taranglik kuchayishi sabab Ukraina, Rossiya va AQSH delegatsiyalari o‘rtasidagi navbatdagi uchrashuv sanasi va joyi o‘zgarishi mumkinligini istisno etmagan edi. 31-yanvar kuni kechqurungi murojaatida Zelenskiy Ukraina AQSH tomonidan keyingi uchrashuvlar bo‘yicha aniqlik kutayotganini bildirdi.

“Ukraina barcha ishchi formatlarda ishlashga tayyor. Natijalar bo‘lishi va uchrashuvlar o‘tishi muhim. Kelasi hafta uchrashuvlar bo‘lishini kutyapmiz, ularga tayyorgarlik ko‘ryapmiz”, – dedi Ukraina davlati rahbari.

Mavzuga oid