Qurbon hayiti 27-may kuni nishonlanadi — prezident qarori

Kecha 21:121 daqiqa

Bayram munosabati bilan o‘zbekistonliklar ish haftasi turidan qat’i nazar ketma-ket 5 kun dam oladi.

Qurbon hayiti 27-may kuni nishonlanadi — prezident qarori

O‘zbekistonda 2026 yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 27-may – chorshanba kuniga to‘g‘ri keladi va ushbu kun bayram sifatida keng nishonlanadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 20-maydagi tegishli qarorida ma’lum qilindi.

Hujjatga ko‘ra, Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq, Qurbon hayitining birinchi kuni ishlanmaydigan bayram kuni hisoblanadi. Shuningdek, Prezidentning 2025 yil 24-dekabrdagi PF–257-son Farmoni bilan ish haftasining turidan qat’i nazar barcha xodimlar uchun 28-may – payshanba va 29-may – juma kunlari, olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun esa 30-may – shanba kuni qo‘shimcha dam olish kuni etib belgilangan.

Qarorga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Qurbon hayitini joylarda milliy an’analarga uyg‘un holda o‘tkazish chora-tadbirlarini amalga oshiradi.

Turizm qo‘mitasi va Transport vazirligi esa bayram kunlarida mo‘’tabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish uchun qulay sharoitlar yaratadi.

Mazkur tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish tavsiya etilgan bo‘lib, qaror ijrosini nazorat qilish Bosh vazir A.N. Aripov va Prezident maslahatchisi S.U. Umurzakov zimmasiga yuklatildi.

Teglar

Mavzuga oid