
Rossiya rasmiylari eski bahonalarni tilga ola boshladi
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov urush boshida Rossiya tomonidan aytilgan bahonalarni takrorladi.

Rossiya Ukrainadagi harbiy harakatlarni «keng qamrovli tinchlik bitimi»siz to‘xtatishni rejalashtirmayapti. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, bunday yondashuv AQSH prezidenti Donald Tramp va Rossiya rahbari Vladimir Putin o‘rtasida Alyaskada erishilgan «kelishuvlarga zid» ekanini ta’kidladi.
«Hozirda Vashingtondan darhol to‘xtash kerakligi, boshqa hech narsani muhokama qilmaslik va tarix o‘zi hukm chiqarsin, degan fikrlar yangray boshladi... Shunchaki to‘xtash — bu Donald Tramp hokimiyatga kelgach Amerika ma’muriyati aniq tushungan ushbu mojaroning asl sabablarini unutish deganidir», - dedi Lavrov.
Uning aytishicha, Putin bilan muzokaralardan so‘ng Oq uy rahbari hech qanday natija bermaydigan darhol o‘t ochishni to‘xtatish g‘oyasidan voz kechib, uzoq muddatli barqaror tinchlik tarafdori bo‘lgan. Biroq endi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning «yevropalik homiylari» amerikaliklarga o‘z pozitsiyasini o‘zgartirish va uzoq muddatli kelishuvga erishishni to‘xtatishga ishonch hosil qildirishga urinmoqda.
«Darhol o‘t ochishni to‘xtatish Ukrainaning katta qismi natsistlar rejimi boshqaruvi ostida qolishiga olib keladi. Sulh nafaqat Ukraina Qurolli Kuchlariga qurol yetkazib berish imkonini beradi, balki Rossiyaning fuqarolik infratuzilmasiga zarba berish ko‘rinishidagi terrorchilik harakatlarini ham rag‘batlantiradi», - deb ta’kidladi u.
Lavrov yana shuni qo‘shimcha qildiki, Moskva hamon Ukrainaning «blokdan tashqari, betaraf, yadrosiz maqomini ta’minlash»ni talab qilmoqda, bu esa NATOga qo‘shilishdan voz kechishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, u yana bir bor Ukrainada «rus va rus tilli aholi genotsidi» haqida gapirdi, «Rossiya ham urushning asosiy sabablarini bartaraf etish doirasida bunga chek qo‘yishga intilmoqda».





