
Soliq qo‘mitasi raisiga elektron raqamli imzo xavfsizligi bo‘yicha deputat so‘rovi yuborildi
03.08.2025 | 08:158763
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zuxra Mirg‘oziyeva Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyevga elektron raqamli imzo (ERI) bilan bog‘liq xavfsizlik masalalari yuzasidan deputat so‘rovi yo‘lladi.

Quyi palata matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi paytlarda moliya va axborot texnologiyalari sohasidagi savodxonlik yetarli emasligi tufayli ayrim fuqarolar firibgarlik qurboniga aylanmoqda.
Ma’lumotga ko‘ra, ba’zi fuqarolar o‘z ERI kalitini boshqa shaxslarga taqdim etmoqda. Bu esa ular nomidan qonun doirasida turli harakatlarni amalga oshirish imkonini bermoqda. Shu bois deputat mazkur sohada xavfsizlik choralarini kuchaytirish yuzasidan qator takliflarni ilgari surgan.
Xususan, ERI kaliti faqat ro‘yxatdan o‘tgan qurilmada ishlashi, boshqa qurilma orqali foydalanilganda esa FaceID orqali tasdiq talab qilinishi taklif qilingan. Shuningdek, har qanday holatda fuqaro ERI bilan tizimga kirganda ham FaceID orqali autentifikatsiya qilish tartibini joriy etish (bank plastik kartalaridagi biometrik tizim singari) nazarda tutilgan.
Deputatning fikricha, mazkur takliflar amalga oshirilsa, ERIdan noqonuniy foydalanish holatlari kamayadi va fuqarolarning huquqiy xavfsizligi oshadi. Shu bilan birga, u qo‘mita rahbaridan bu takliflar amalga oshirilganda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlar haqida 10 kun ichida asoslangan javob berishni so‘ragan.





