
Turkmanistonda yangi 200 manatlik kupyura muomalaga kiritildi
Turkmaniston Markaziy banki 1-dekabrdan polimer asosidagi 200 manatlik yangi banknota va yangilangan mayda kupyuralarni muomalaga chiqara boshladi.

Turkmaniston Markaziy banki 1-dekabrdan boshlab yangi 200 manatlik polimer banknota hamda 1, 5 va 10 manatlik modifikatsiya qilingan kupyuralarni muomalaga kiritganini ma’lum qildi. Bu haqda «Turkmen portal» xabar berdi. Kupyura mamlakatning doimiy betaraflik maqomiga erishganiga 30 yil to‘lishi munosabati bilan joriy etildi.
Turkmaniston Markaziy banki ma’lumotida aytilishicha, yangi polimer banknotalarning asosiy afzalligi – ularning qo‘llanilishida qalbakilashtirish ehtimoli pastligi va tashqi ta’sirlardan yuqori darajada himoyalanganidir. Banknotalar ifloslanish, yeyilish va turli shikastlanishlarga chidamli bo‘lib, ulardagi qo‘shimcha himoya elementlari ham kuchaytirilgan.
Modifikatsiya qilingan 1, 5 va 10 manatlik kupyuralar avvalgi rang va dizaynni saqlab qolgan. Ularda Xalqaro tinchlik va ishonch yili emblemasi tasvirlandi. Bu o‘zgarishlar banknotalarning tashqi ko‘rinishini yangilash bilan birga, ularning haqqoniyligini tez aniqlashga yordam beradi.
Yangi 200 manatlik kupyuraning old tomonida «Arkadag» monumenti, orqa tomonida esa Arkadag shahri hokimlik binosi aks etgan.
Yangi kupyuralar Turkmaniston hududida barcha to‘lov operatsiyalari uchun axborot sohasi va mulk shaklidan qat’i nazar, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan qabul qilinadi. Shu bilan birga, 2009, 2012, 2014, 2017 va 2020 yillardagi banknotalar ham qonunan amal qilishda davom etadi va to‘lov vositasi sifatida o‘z kuchini saqlaydi.
Eslatib o‘tamiz, Turkmaniston 2026 yildan boshlab mayning, kriptobirjalar va tokenlar chiqarishni qonuniylashtirdi, bu mamlakatda virtual aktivlar bozorini tubdan o‘zgartirishi kutilmoqda.





