add

Ukraina hujumi Qozog‘istonning gaz eksportiga putur yetkazdi

Hujumdan so‘ng Orenburgdagi «Gazprom» korxonasi Qozog‘istondan gaz qabul qilishni to‘xtatgan.

Ukraina hujumi Qozog‘istonning gaz eksportiga putur yetkazdi

Ukrainaning Orenburg viloyatidagi Rossiya gaz qayta ishlash zavodiga uchuvchisiz uchish apparat hujumi qo‘shni Qozog‘istonni mamlakatdagi eng yirik neft va gaz konlaridan biri — Qorachig‘anoqda qazib olishni qisqartirishga majbur qildi. Bu haqda Reuters sohadagi manbalarga tayanib, xabar berdi.

Qayd etilishicha, zarbadan so‘ng Orenburgdagi «Gazprom» korxonasi - dunyodagi eng yirik gaz qayta ishlash majmualaridan biri - Qozog‘istondan gaz qabul qilishni to‘xtatgan. Oqibatda Qorachig‘anoq konida qazib olish 25-30 foizga qisqargan.

Energetika sohasining ikki vakili aniqlik kiritishicha, konda qazib olish kuniga 35-35,5 ming tonnadan 25-28 ming tonnagacha kamaygan.

«Orenburg o‘z ishini qayta boshlamaguncha, biz avvalgi hajmlarga chiqa olmaymiz», - degan suhbatdoshlardan biri.

Qozog‘iston Energetika vazirligi ta’minotning vaqtincha to‘xtatilganini tasdiqladi va vaziyat nazorat ostida ekanini ma’lum qildi. Rossiya tomoni hozircha hodisaga izoh bermagan.

Kiyev o‘tgan hafta uning kuchlari Orenburg viloyatidagi gaz zavodi va qo‘shni Samaradagi neftni qayta ishlash majmuasiga zarba berganini tasdiqladi.

Ukraina so‘nggi oylarda Rossiya energetika ob’ektlariga hujumlarni kuchaytirdi, yoqilg‘i eksportini izdan chiqarish va Moskvaning moliyaviy daromadlarini qisqartirishga harakat qilmoqda.

«Orenburg majmuasi ishidagi kechikish Qozog‘iston uchun jiddiy zarba bo‘ldi, bu yerda Qorachig‘anoq konidan olingan gaz nafaqat qayta ishlanadi, balki qatlam bosimini ushlab turish va elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun ham ishlatiladi», - deya ta’kidlaydi nashr.

Qorachig‘anoq dunyodagi eng yirik konlardan biri bo‘lib, 2024 yilda u kuniga 263 ming barrelga yaqin neft qazib olgan. Hajmning katta qismi Kaspiy quvurlari konsorsiumi orqali Rossiyaning Qora dengiz terminaliga va «Do‘stlik» neft quvuri orqali Germaniyaga eksport qilinadi.

2024 yilda Qozog‘iston hukumati loyiha ishtirokchilari bilan quvvati yiliga 4 milliard kub metrgacha bo‘lgan yangi gaz qayta ishlash zavodini qurish va 2028 yilgacha ishga tushirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Teglar

Mavzuga oid

Ukraina hujumi Qozog‘istonning gaz eksportiga putur yetkazdi | Vaqt.uz