add

Uzoq kuttirayotgan yomg‘ir, hibsga olingan «Real Sanjik» va Gulira’no Qosimovani tahqirlashda ayblanganlarga sud hukmi — 28-noyabr dayjesti

28.11.2025 | 23:259414 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Uzoq kuttirayotgan yomg‘ir, hibsga olingan «Real Sanjik» va Gulira’no Qosimovani tahqirlashda ayblanganlarga sud hukmi — 28-noyabr dayjesti

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

28-noyabr kuni Milliy matbuot markazida o‘tgan anjumanda «El-yurt umidi» jamg‘armasiga xorijdan qaytgan stipendiatlarning ishga joylashishi bo‘yicha murosac qilmas savol berildi. Jasur Qaynarbekovning audiosida qayd etilgan raqamlarga ko‘ra, 500 dan ortiq bitiruvchidan 20 foizdan ziyodi ishsiz, 27–30 foizi oddiy mutaxassis lavozimida, 157 nafari ta’lim sohasida past lavozimlarda ishlayapti. Milliy darajadagi tashkilotlarda faqat 22 kishi faoliyat yuritmoqda, 30 dan ortiq bitiruvchi esa boshqarma yoki bo‘lim darajasida rahbar lavozimiga chiqqan. Vaqt.uz muxbiri Ilyos Safarov soliqlar hisobidan tayyorlanayotgan kadrlar nega munosib ish bilan ta’minlanmayotgani bo‘yicha javob so‘radi.

Jamg‘arma rahbarining birinchi o‘rinbosari Davron Abdurashidov raqamlar aniqlashtirilishini aytdi va muammolar borligini tan oldi. Unga ko‘ra, ayrim bitiruvchilar ishsiz yoki ishidan qoniqmagan holatlar qayd etilgan, lekin jamg‘arma yangi model asosida kadrlar tayyorlab, ularning monitoringi va ishga joylashuvi bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Abdurashidov talablar ko‘pligini ta’kidlab, bitiruvchilarni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash jamg‘armaning asosiy ustuvor vazifalaridan biri ekanini bildirdi.

O‘zbekistonda onkolog va boshqa tor soha mutaxassislari yetishmayapti

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda umumiy shifokorlar ta’minoti o‘sib borayotganiga qaramay, tor soha mutaxassislari keskin yetishmayapti. 2025 yil 1-yanvar holatida mamlakatda har 10 ming aholiga o‘rtacha 28,6 nafar shifokor to‘g‘ri keladi, ammo terapevtlar 10,8 nafar, jarrohlar 3,3 nafar va akusher-ginekologlar 3,2 nafar miqdorida qayd etilgan. Bolalar shifokorlari ta’minoti yosh toifasiga qarab 7–8 nafar atrofida, stomatologlar esa nisbatan ko‘proq — 3,3 nafarni tashkil etmoqda.

Eng katta muammo tor yo‘nalishlarda ko‘zga tashlanmoqda: oftalmologlar 0,5 nafar, otolaringologlar 0,6 nafar, ftiziatrlar 0,2 nafar va onkolog hamda dermato-venerologlar bor-yo‘g‘i 0,3 nafardan har 10 ming aholiga to‘g‘ri keladi. Psixiatrlar ulushi ham juda past — 0,3 nafar. Radiolog va rentgenologlar 0,4 nafar miqdorida qayd etilgan bo‘lib, bu statistika mamlakatda tor ixtisosliklar bo‘yicha tibbiy kadrlar tayyorlash va joylashtirishda jiddiy kamchiliklar borligini ko‘rsatmoqda.

Gulira’no Qosimovani tahqirlagan IIBning ikki sobiq mansabdoriga sud hukmi o‘qildi

Farg‘ona viloyati sudlari Furqat tumani IIBning sobiq rahbarlari Akmal Xo‘jayev va Jasur Rasulovga nisbatan hukmni e’lon qildi. Maktab direktori Gulira’no Qosimovani tahqirlash bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha Quva tuman sudi ularni bir nechta moddalar — 141-3, 142, 206, 230-2 va 234-moddalar bo‘yicha aybli deb topdi. Sud har ikki mansabdorga 4 yildan ozodlikdan mahrum qilish va 3 yil davomida davlat tuzilmalarda mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etish jazosini tayinladi. Jazo manzil-koloniyada o‘taladi.

Sud jabrlanuvchilar Gulira’no Qosimova va Q.A.ga ma’naviy yoki moddiy zarar uchun fuqarolik sudiga murojaat qilish huquqi borligini tushuntirdi. Shuningdek, sud hukmiga nisbatan apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyati berish mumkin. Sud A.X. va J.R.ga oid ishda boshqa shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasini ko‘rib chiqish uchun materiallarni Farg‘ona viloyati prokuraturasiga yuborishni ham belgilandi.

Bloger «Real Sanjik» hibsga olindi

«Real Sanjik» taxallusi ostida faoliyat yurituvchi 35 yoshli Sanjar Karimov o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, jinoyat sodir etishga suiqasd va giyohvandlik yoki psixotrop moddalarni noqonuniy saqlash jinoyatlarni sodir etishda ayblanib, hibsga olingan.

Bugun, 28-noyabr kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining yopiq sud majlisida poytaxt prokurorining birinchi o‘rinbosari tomondan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomasi ko‘rib chiqilgan.

Dastlabki tergov jarayonida to‘plangan hujjatlarga ko‘ra, u Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish), 25-modda 2-qismi (jinoyat sodir etishga suiqasd) va 273 modda, 2-qismida (giyohvandlik yoki psixotrop moddalarni noqonuniy saqlash) ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etishda ayblangan.

Toshkentda yomg‘ir Konstitutsiya kuni bayrami arafasida kutilmoqda

«O‘zgidromet» ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkentda 8–9-dekabr kunlari yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli yuqori. Agentlik rahbarining o‘rinbosari Ibratjon Karimov Vaqt.uz ga aytishicha, 1-dekabr kechqurun biroz yomg‘ir yog‘ib o‘tishi mumkin, ammo buning ehtimoli past. 3–5-dekabr oralig‘ida ham qisqa muddatli yog‘ingarchilik bo‘lishi ehtimoli qayd etilgan, asosiy yomg‘ir esa Konstitutsiya kuni bayrami arafasida kutilmoqda.

Iqlimshunos Erkin Abdulahatov esa yaqin besh kunlik prognozlarda yomg‘ir ko‘rsatilmaganini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, 29-noyabrdan boshlab havo sovishi va 5-dekabrgacha past harorat saqlanishi kutilmoqda. Bugun O‘zbekiston bo‘ylab juma namozidan keyin barcha masjidlarda yomg‘ir so‘rab istisqo namozi o‘qilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid