
Yevroittifoq Vengriyani sanksiyalarga ko‘ndirish uchun 550 mln yevro ajratishi mumkin
20.09.2025 | 12:3047703
Yevrokomissiya Vengriyani Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 19-paketiga veto qo‘ymaslikka ko‘ndirish maqsadida 550 mln yevro ajratishni rejalashtirmoqda.

Financial Times manbalariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar to‘plamini qabul qilish uchun Budapeshtning roziligini ta’minlashga harakat qilmoqda. Bunda asosiy vosita sifatida — avval muzlatilgan mablag‘larni yechib berish taklifi qo‘llanilmoqda.
Yevrokomissiya 2022 yilda Vengriya uchun ajratilgan 22 mlrd yevroni inson huquqlari, sud mustaqilligi va LGBT huquqlari bo‘yicha tanqidlar tufayli to‘sib qo‘ygan edi. 2023 yilda mamlakat 10 mlrd yevroni qaytarib olib, evaziga Ukrainaga 50 mlrd yevro yordamni to‘smaslikka rozi bo‘lgan. 2025 yilda esa Vengriya 157 mln yevroni huquqiy mexanizmlar orqali qo‘lga kiritgan.
Endi Bryussel Budapeshtga yana 550 mln yevro berishni ko‘zlamoqda. Bu mablag‘ sanksiyalarning 19-to‘plami qabul qilinishi uchun muhim vositaga aylanishi mumkin. Yangi paketda Rossiya banklari, energetika kompaniyalari va kriptovalyuta operatsiyalariga qarshi choralar, shuningdek, «xufiyona flot»ga tegishli 118 ta yangi kemani sanksiyalar ro‘yxatiga kiritish nazarda tutilgan.
Eng muhimi, 2027 yilgacha Rossiyadan suyultirilgan gaz importini to‘liq tugatish maqsadi ham ushbu paketga kiritilgan.
Shu tariqa, Yevropa Ittifoqi bir ovozdan qabul qilinishi shart bo‘lgan sanksiyalar yuzasidan Vengriyaning veto huquqini moddiy yo‘l bilan cheklashga harakat qilmoqda.





