Yevropa investitsiya banki Toshkentda Markaziy Osiyo shtabini ochdi
Yevropa investitsiya banki Toshkentda Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasini ochdi. Bankning O‘zbekistondagi loyihalar portfeli 1 mlrd yevroga yetgan bo‘lib, transport, energetika, suv ta’minoti va raqamlashtirish sohalarini qamrab olmoqda.
© Yevropa Ittifoqi delegatsiyasiYevropa investitsiya banki (YIB) Toshkentda Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasini ochdi. Kompaniya bu haqda Vaqt.uz’ga ma’lum qildi.
Marosim 18-iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF-2026) doirasida bo‘lib o‘tdi.
Bank vitse-prezidenti Marek Moraning ta’kidlashicha, YIB so‘nggi yillarda Markaziy Osiyodagi ishtirokini faol kengaytirib, mintaqa bo‘yicha investitsiya loyihalari portfelini izchil oshirib bormoqda.
2009 yildan buyon bank Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda qator loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha kelishuvlarni imzolagan. Hozirda bankning asosiy ustuvor yo‘nalishlari qatorida Transkaspiy transport yo‘lagi, mintaqaviy raqamli aloqadorlik, shuningdek, Rog‘un va Qambarota-1 gidroelektr stansiyalari kabi yirik energetika loyihalari bor.
O‘zbekiston 2017 yilda YIB bilan hamkorlik bo‘yicha hadli bitim imzolagandan so‘ng bankning Markaziy Osiyodagi eng muhim hamkorlaridan biriga aylandi.
Hozirda tomonlar «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi hamda Yevropa Ittifoqining Global Gateway tashabbusi doirasida qator yo‘nalishlarda ish olib bormoqda. Ular orasida:
● Transkaspiy yo‘lagi doirasida ekologik va xavfsiz transport infratuzilmasini rivojlantirish;
● yashil energetika va suv resurslarini barqaror boshqarishga o‘tish;
● raqamli aloqadorlikni kuchaytirish;
● sog‘liqni saqlash sohasida ta’minot zanjirlarini mustahkamlash va vaksina ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish;
● strategik ahamiyatga ega minerallar sohasida mahalliy sanoat zanjirlarini rivojlantirish kabi vazifalar mavjud.
Bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ko‘rib chiqilayotgan va tayyorlanayotgan operatsiyalarning umumiy hajmi, imzolangan bitimlar va anglashuv memorandumlarini hisobga olganda, 1 milliard yevroga yetgan.
TXIF-2026 doirasida YIB va «O‘zsuvta’minot» Toshkentda Surum oqova suv tozalash inshootini qurish loyihasi bo‘yicha maslahat hamkorligini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini o‘rganishga kelishib oldi.
Loyiha barcha texnik va moliyaviy tekshiruvlardan muvaffaqiyatli o‘tsa, sutkasiga 300 ming kub metr oqova suvni qayta ishlash quvvatiga ega zamonaviy inshoot qurilishi mumkin. Bu poytaxtdagi kanalizatsiya va oqova suvlarni tozalash tizimi sifatini sezilarli darajada yaxshilashi kutilmoqda.
Marek Moraning qayd etishicha, Toshkentdagi vakolatxona bankka mintaqadagi hamkorlar bilan yanada yaqin ishlash va investitsiya tashabbuslarini tezroq amaliy loyihalarga aylantirish imkonini beradi.
O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov esa YIB ofisining ochilishi mamlakat uchun yangi moliyalashtirish imkoniyatlari va xalqaro ekspert salohiyatidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishini ta’kidladi.





