
Zelenskiy Putinning taklif-istaklariga qat’iy javob qaytardi
19.10.2025 | 20:3029584
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Vladimir Putinning Donbass bo‘yicha takliflariga keskin javob berdi. Uning ta’kidlashicha, Kiyev urushni to‘xtatishga tayyor, ammo Rossiyaga hech narsani hadya qilmaydi.

Vashingtonda AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvdan so‘ng Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy o‘zining Telegram kanali orqali bayonot berdi. Unda Zelenskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putinning takliflarini rad etib, Ukraina hech qachon urushni boshlamaganini va Rossiyaga hech narsani bermasligini ta’kidladi.
«Ukraina hech qachon urushga intilib kelmagan. Biz hech bir shartlarsiz otashkesimga rozi bo‘ldik, tinchlik uchun yo‘l izladik, ammo aynan Rossiya bu jarayonni doim to‘xtatib kelmoqda — muzokaralarni cho‘zmoqda, havo hujumlari bilan aholini qiynamoqda, frontda hujumlarini kuchaytirmoqda. Urush faqat Moskva tufayli davom etmoqda», — dedi Zelenskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya so‘nggi haftaning o‘zida Ukrainaga qarshi 3270 ta dron, 1370 ta boshqariladigan aviabomba va 50 ga yaqin raketa ishlatgan. Shuning uchun Kiyev havo himoyasini kuchaytirish, Ukraina mudofaa sanoatiga sarmoya kiritish va xalqaro sheriklar bilan hamkorlikni kengaytirish yo‘nalishida faol ish olib bormoqda.
«Putinni gap bilan to‘xtatib bo‘lmaydi — bosim kerak. Dunyo ko‘rib turibdi: Rossiya faqat kuchga javob beradi. Demak, tinchlik faqat kuch orqali ta’minlanishi mumkin. Ukraina terrorchilarga hech qanday mukofot bermaydi. Biz hamkorlarimizdan ana shunday qat’iy pozitsiyani kutayapmiz», — deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.
The Washington Post nashrining yozishicha, 16 oktyabrdagi telefon muloqoti paytida Putin Donald Trampdan Ukraina Donbassni Rossiyaga berishga rozi bo‘lishini talab qilgan.
Evaziga Moskva Zaporijjya va Xerson oblastlarining okkupatsiya qilinmagan qismlarini bo‘lgan da’vodan voz kechishga tayyorligini bildirgan. Manbalarning ma’lumoticha, bu pozitsiyani Oq uyda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff ham qo‘llab-quvvatlagan.





