
Afg‘onistondan kontrabanda qilingan 50 kg narkotik modda fosh etildi
18.10.2025 | 12:2021691
Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan Buxoro viloyatiga yetkazib berilgan qariyb 50 kg giyohvandlik vositasi O‘zbekiston hududidan tranzit sifatida olib o‘tilishi kerak bo‘lgan.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan «Toshkent–Andijon» yo‘nalishidagi maxsus operatsiya vaqtida Andijon shahrida yashovchi 1988 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvida bo‘lgan «Cobalt» rusumli avtomobil to‘xtatilib, tekshiruv o‘tkazilganda, u bilan birga ketgan Qirg‘iz Respublikasi fuqarosining yonidan 4 kg 897 gramm gashish moddasi topilgan. Bu g‘aqda DXX axborot xizmati xabar berdi.
Qo‘shimcha surishtiruvlar natijasida, ushbu Qirg‘iziston fuqarosi giyohvand moddani Buxoro tumanidagi dala maydonidagi yashirin joydan olgani ma’lum bo‘ldi. Hudud ko‘zdan kechirilganda yana 45 kg 52 gramm “gashish” moddasi aniqlangan. Jami qariyb 50 kg modda protsessual tartibda rasmiylashtirilib, dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Tergov harakatlari doirasida fuqarolarga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda ular qamoqqa olingan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, giyohvand moddalar Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan Buxoro viloyatiga yetkazilgan va keyinchalik O‘zbekiston orqali boshqa davlatlarga tranzit sifatida olib o‘tilishi rejalashtirilgan.





