
Pensiya jamg‘armasi fuqarolarni ogohlantirdi
Pensiya jamg‘armasi pensiya miqdorini oshirib berishni va’da qilayotgan firibgarlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

Pensiya jamg‘armasi fuqarolarni o‘zini tashkilot xodimi sifatida tanishtirib, pensiya miqdorini oshirib berishni va’da qilayotgan shaxslardan ogohlantirdi.
Ma’lum qilinishicha, ayrim shaxslar bu yo‘l bilan aholining shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritib, ulardan pul talab qilmoqda.
Tashkilot bayonotida ta’kidlanishicha, pensiya miqdorini oshirish yoki qayta hisoblash faqat Pensiya jamg‘armasining tuman va shahar bo‘limlari orqali amalga oshiriladi.
Fuqarolarda pensiyani qayta hisoblash uchun asoslar paydo bo‘lsa, ular faqat rasmiy manzillarga murojaat etishi kerakligi aytilgan.
«Pensiya jamg‘armasining hech bir xodimi fuqarolarga ko‘chada pensiya miqdorini oshirib berishni taklif qilmaydi», — deyiladi bayonotda.
Tashkilot fuqarolarni begona shaxslarga hech qanday shaxsiy ma’lumot — pasport nusxasi, plastik karta ma’lumotlari yoki JSHSHIR raqamini taqdim etmaslikka chaqirdi.
Shunday holatlarda quyidagi telefon raqamlariga murojaat qilish mumkin:
1271 — Pensiya jamg‘armasining ishonch telefoni;
102 — Ichki ishlar organlari raqami.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pensiyalarni Face-ID orqali naqd shaklda to‘lash boshlangani haqida xabar bergan edik. Mazkur tizim orqali pensiya mablag‘lari o‘z vaqtida va faqat haqiqiy egasiga to‘liq yetkazilishi aytilmoqda.





