add

Qora dengiz sohilidagi yagona Rossiya neftni qayta ishlash zavodi ishini to‘xtatdi

Tuapsedagi «Rosneft» neftni qayta ishlash zavodi faoliyatini to‘xtatdi. Sababi — Ukraina dronlarining zarbalari.

Qora dengiz sohilidagi yagona Rossiya neftni qayta ishlash zavodi ishini to‘xtatdi

Rossiyaning Tuapse shahridagi «Rosneft» neftni qayta ishlash zavodi 3 noyabr kuni shahar portiga pilotsiz uchish apparatlari (PUA) hujumidan so‘ng neftni qayta ishlashni to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Bu haqda Reuters sohadagi ikkita manba va LSEG ma’lumotlariga asoslanib, xabar bermoqda.

2 noyabr kuni Krasnodar o‘lkasi operativ shtabi PUA parchalari qulashi oqibatida Tuapse portidagi neft quyish terminali infratuzilmasi va inshootlariga, shuningdek, ikkita xorijiy fuqaro kemasiga zarar yetganini ma’lum qildi. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari qirg‘oq yaqinida taxminan 3,6 kilometr uzunlikdagi neft to‘kilishi sodir bo‘lganini ko‘rsatdi.

LSEG ma’lumotlariga ko‘ra, hujum paytida Tuapse porti terminallarida nafta, dizel yoqilg‘isi va mazut yuklash uchun uchta tanker to‘xtagan edi.

5 noyabr holatiga ko‘ra, barcha tankerlar bandargohlardan uzoqlashtirilgan va port yaqinida langar tashlagan. Reuters manbalariga ko‘ra, tankerlar bandargohdan olib ketilgach, dengiz porti terminallari tekshirilib, zararga baho beriladi.

Yillik quvvati 12 million tonna neft bo‘lgan Tuapse neftni qayta ishlash zavodi Rossiyaning Qora dengiz sohilidagi yagona zavod bo‘lib, noyabr oyida PUA zarbasi tufayli to‘xtagan birinchi zavod bo‘ldi. Oktabr oyi oxirida dronlar tufayli mamlakatdagi eng yirik va Moskva mintaqasini yoqilg‘i bilan ta’minlaydigan "Rosneft"ning Ryazan neftni qayta ishlash zavodi quvvatining to‘rtdan bir qismini yo‘qotdi.

19 oktyabr kuni yillik quvvati 8,3 million tonna bo‘lgan "Rosneft"ning Novokuybishev neftni qayta ishlash zavodi neftni birlamchi qayta ishlashni to‘xtatdi. 4 oktyabr kuni Leningrad viloyatidagi yillik quvvati 22 million tonna bo‘lgan «Kirishinefteorgsintez» zavodi quvvatining 40 foizini yo‘qotdi.

OilX hisob-kitoblariga ko‘ra, oktyabr oyida Rossiyadagi har uchinchi neftni qayta ishlash zavodini zararlashga muvaffaq bo‘lgan PUA zarbalari tufayli mamlakatda neftni qayta ishlash hajmi iyul oyiga nisbatan 10 foizga, kuniga 4,86 million barrelgacha kamaygan.

O‘tgan yilning oktyabriga nisbatan neftchilar qayta ishlashni 5 foizga, urushdan oldingi 2021 yilning shu oyi bilan taqqoslaganda esa 14 foizga yoki kuniga 794 ming barrelga qisqartirdi. Natijada, hajmlar kamida so‘nggi 5 yildagi eng past ko‘rsatkichga tushdi.

Teglar

Mavzuga oid

Qora dengiz sohilidagi yagona Rossiya neftni qayta ishlash zavodi ishini to‘xtatdi | Vaqt.uz