
Investorlar foydasiga 13 mlrd so‘m undirildi
2025-yilda aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish yuzasidan sudlarga 78 ta da’vo kiritilib, barchasi investorlar foydasiga hal qilindi.

2025-yil boshidan Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) kapital bozoridagi ishtirokchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha faol ishlar olib bordi. Yanvardan beri agentlikka 495 ta murojaat kelib tushdi, shularning 455 tasi jismoniy, 40 tasi yuridik shaxslardan bo‘lgan. Ular asosan dividend to‘lovlari va aksiyadorlar manfaatlarining buzilishi bilan bog‘liq holatlarga taalluqli.
Agentlik tomonidan sudlarga 78 ta da’vo arizasi kiritilib, jami 13 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ undirildi. Faqatgina dividendlar bo‘yicha o‘zi 26 ta ish ko‘rib chiqilib, barchasi aksiyadorlar foydasiga hal etilgan. Sud qarorlari ijrosi ham to‘liq ta’minlangan.
2024-yil bilan solishtirganda, 2025-yilda da’vo arizalari soni 20 tadan 78 tagacha ko‘payib, 290 foiz o‘sish qayd etildi. Undirilgan mablag‘ hajmi esa 3,5 mlrd so‘mdan 13 mlrd so‘mgacha ko‘tarilib, 271 foizlik o‘sishni tashkil qildi. Bunday o‘sish agentlik faoliyatining samaradorligi va investorlar xabardorligi ortayotganini ko‘rsatadi.
Ko‘pchilik murojaatlarda dividendlar e’lon qilingan bo‘lsa-da, to‘lanmagani, noto‘g‘ri hisoblangani, aksiyadorlar ro‘yxatiga kiritilmaganlik va to‘lov muddatlarining buzilishi kabi holatlar kuzatilgan. Barcha shunday ishlarda sudlar aksiyadorlar manfaatlarini qo‘llab-quvvatladi.
ILMA, zarurat tug‘ilganda, investorlarga sudda o‘z huquqlarini himoya qilishda amaliy yordam bermoqda. Himoya tizimining kuchayishi kapital bozori barqarorligi va yangi investorlar uchun ishonchli muhit yaratishda muhim omil hisoblanadi. Bunday yondashuv emitentlar uchun ham signal bo‘lib, aksiyadorlar huquqini buzish oqibatsiz qolmasligini ko‘rsatadi.





