add

Toshkentning yangi aeroporti quriladigan hudud to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi

Bugun 08:185421

Toshkent viloyatida qurilayotgan yangi xalqaro aeroport hududi to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, binolar va qishloq xo‘jaligi yerlari egalariga yetkaziladigan zarar uchun kompensatsiya miqdori aniqlanadi.

Toshkentning yangi aeroporti quriladigan hudud to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi

Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlarida qurilayotgan yangi xalqaro aeroport uchun ajratilgan hudud to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi. Bu haqda Toshkent viloyati kadastr boshqarmasi o‘z Telegram kanalida ma’lum qildi.

Xatlov jarayonida hududdagi turar va noturar joy binolari, shuningdek, fermer xo‘jaliklariga tegishli qishloq xo‘jaligi yerlari baholanib, ularning egalariga to‘lanadigan kompensatsiya miqdori aniqlanadi.

Avvalroq O‘rta Chirchiq tuman hokimligi vakillari aholi bilan uchrashib, mazkur hududda yashayotgan aholi qisman ko‘chirilishi va ularga yangi turar joy hamda tegishli to‘lovlar taqdim etilishi haqida ma’lumot bergani haqida xabar qilgan edik.

O‘rta Chirchiq tumani hokimi Ixtiyor Qosimov oktyabr oyi oxirida Yangihayot mahallasidagi Xalqobod aholi punkti va fermerlar bilan uchrashuv o‘tkazgan. Uchrashuvda yangi aeroport loyihasi uchun Xalqobod va Yangiyo‘l mahallalarida yer maydonlari ajratilgani ma’lum qilingan.

Yangi aeroport atrofida yangi qurilish va investitsiya loyihalari vaqtincha cheklanadi. Bu qaror hududda mavjud mulk qiymatining asossiz oshishining oldini olish, yer taqsimoti va yangi qurilish faoliyatini nazorat qilish maqsadida qabul qilingan.

Ma’lumot uchun, yangi xalqaro aeroport 1300 gektar maydonda qurilayotgan bo‘lib, loyiha doirasida 1309,76 gektar yer ikki tumanda rasman ajratilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev aeroport poydevoriga ramziy kapsula qo‘yib, qurilishni rasman boshlab bergan edi.

Teglar

Mavzuga oid