add

OpenAI va Amazon o‘rtasida 38 milliard dollarlik shartnoma tuzildi

Kecha 20:253612

Bu shartnoma OpenAIga Nvidia grafik protsessorlaridan foydalanish imkoniyatini beradi.

OpenAI va Amazon o‘rtasida 38 milliard dollarlik shartnoma tuzildi

Amazon’ning bulutli bo‘linmasi Amazon Web Services va OpenAI kompaniyasi 38 milliard dollarlik shartnoma tuzdi. Bu shartnomaga ko‘ra, OpenAI yuz minglab Nvidia grafik protsessorlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu haqda Amazon matbuot xizmatining xabarida aytilgan.

Bayonotda ta’kidlanishicha, kompaniyalar uzoq muddatli strategik hamkorlik o‘rnatdi.

«Keyingi yetti yil davomida kengayib boradigan 38 milliard dollarlik ushbu yangi kelishuv doirasida OpenAI yuz minglab zamonaviy Nvidia grafik protsessorlarini o‘z ichiga olgan AWS hisoblash quvvatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi», - deyiladi xabarda.

Amazon vakillari ta’kidlashicha, AWS ning bulutli infratuzilma sohasidagi yetakchiligi OpenAI ’ning generativ sun’iy intellekt sohasidagi ilg‘or yutuqlari bilan birgalikda millionlab odamlarga ChatGPT bilan muloqot qilishdan foydalanishni davom ettirish imkonini beradi.

«AWS ning ilg‘or infratuzilmasi OpenAIning sun’iy intellekt sohasidagi maqsadlarini amalga oshirish uchun poydevor bo‘ladi», - dedi AWS bosh direktori Mett Garman.

Bloomberg tahlilchilarining fikricha, bu kelishuv ChatGPT ishlab chiqaruvchisi OpenAI'ning texnologiya sohasini o‘zgartirgan sun’iy intellekt (SI) gigantiga aylanishining navbatdagi tasdig‘i bo‘ldi.

«Kompaniya o‘zining sun’iy intellekt modellarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash uchun infratuzilmaga 1,4 trillion dollar sarflashni rejalashtirmoqda. Bu esa investitsiya pufagi xavfi haqidagi tashvishlarni keltirib chiqardi», - deyiladi nashrda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta, 28 oktyabr kuni OpenAI Microsoft bilan hamkorlikning yangi bosqichi boshlanganini ma’lum qilgan edi.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, Microsoft ChatGPT chatboti ishlab chiquvchisini qayta moliyalashtirish natijasida OpenAI tijorat tuzilmasining taxminan 27 foiz ulushini qo‘lga kiritadi. OpenAI korporativ tuzilmani o‘zgartirmoqda: u OpenAI Group PBC tijorat tashkilotini nazorat qiladigan OpenAI Foundation notijorat tuzilmasini tashkil etdi.

So‘nggi paytlarda OpenAI sun’iy intellekt sohasidagi kompaniyalar bilan 1 trillion dollarlik shartnomalar tuzdi. Tahlilchilar ChatGPT ishlab chiqaruvchisining oltin qo‘li haqida gapirishmoqda, chunki u hamkorlik qilayotgan kompaniyalarning aksiyalari o‘nlab foizga ko‘tarilmoqda.

Oktabr oyi boshida OpenAI dunyodagi eng qimmat xususiy kompaniyaga aylandi: xodimlarining aksiyalarini sotish natijasida uning qiymati 500 milliard dollarga yetdi.

Teglar

Mavzuga oid

OpenAI va Amazon o‘rtasida 38 milliard dollarlik shartnoma tuzildi | Vaqt.uz