add

O‘zbekistonda oktabr inflyatsiyasi pasaydi, ammo narxlar o‘sishda davom etmoqda

Bugun 13:002706

Yillik inflyatsiya oktabr oyida 2016-yildan beri eng past ko‘rsatkichga tushdi. Ammo oziq-ovqat narxlari, transport xizmatlari, benzin va propan sezilarli qimmatlashdi, palov narxi esa deyarli hamma hududda 100 ming so‘mdan oshdi.

O‘zbekistonda oktabr inflyatsiyasi pasaydi, ammo narxlar o‘sishda davom etmoqda

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, oktabr oyida inflyatsiya 0,6 foizni tashkil etdi, yillik hisobda esa 7,8 foizgacha pasaydi. O‘tgan oyda bu ko‘rsatkich 8 foiz bo‘lib, o‘tgan yil bahoridan beri kuzatilgan eng past daraja hisoblanadi.

Narx-navo o‘sish sur’ati 2024-yil oktabriga nisbatan bir barobardan ortiq pasaygan — o‘shanda u 0,8 foiz bo‘lgan. Yil boshidan, ya’ni yanvar–oktyabr oylari davomida inflyatsiya 5,7 foizni tashkil qildi. 

Yillik inflyatsiya oktyabr oyida 7,8 foiz darajasida qayd etilgan bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,4 foizga pasaygan.

Oziq-ovqat narxlari qanday o‘zgardi?

Ikki oydirki, oziq-ovqat inflyatsiyasi 0,9 foizdan pastlashgani yo‘q. Mavsumiy meva-sabzavot mahsulotlarining qimmatlashishi qayd etilmoqda. Ayniqsa, sentyabr oyida bozorlarda limon ( +52,6 foiz), qovoq (+11 foiz) va baklajan ( +22,3 foiz) narxining keskin o‘sgani qayd etilgan edi. Shuningdek, go‘sht narxlari ham 170 ming so‘mdan oshiqqa sotilayotgani haqida xabar berilgan.

Ma’lumot uchun, shu yilning oktyabr oyida muzlatilgan import mol go‘shti narxlari barqaror bo‘lganiga qaramasdan, mahalliy go‘sht narxi o‘sishda davom etdi. Respublika bo‘ylab 1 kilogramm mol go‘shtining o‘rtacha narxi 2–3 ming so‘mga qimmatladi.

Quyida narxlari qimmatlagan 22 ta oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxati keltirilgan:

Tovar va xizmatlar

Harx o‘zgarishi, %

1

Yangi uzilgan pomidorlar

161,0

2

Yangi uzilgan bodringlar

158,2

3

Baqlajonlar

111,3

4

Yangi uzilgan bulg‘or qalampiri

110,6

5

Yangi uzilgan tarvuzlar

107,0

6

Sholg‘om

107,0

7

Yangi uzilgan qovunlar

104,6

8

Mandarinlar

104,2

9

Tovuq tuxumlari

103,6

10

Uzumlar

103,5

11

Apelsinlar

103,3

12

Bananlar

102,5

13

Turp

102,0

14

Tuzlangan yoki marinadlangan bodringlar

102,0

15

Kekslar

101,8

16

Yangi so‘yilgan, sovitilgan yoki muzlatilgan, qurutilgan go‘sht

101,8

17

Qahva

101,8

18

Mol go‘shti (suxasiz go‘shtidan tashqari)

101,7

19

Xom hayvon yog‘lari, dumba yog‘i va shu kabilar

101,7

20

Yangi uzilgan yoki sovitilgan ko‘katlar (ukrop, petrushka)

101,7

21

Suyaksiz mol go‘shti

101,6

22

Qo‘y go‘shti

101,6


Statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga tayanadigan bo‘lsak, asosan insonlar kundalik hayotdan foydalanadigan yog‘, suyakli va suyaksiz mol go‘shti, qo‘y go‘shti, sabzi, kartoshka, piyoz, karam kabilarda sezilarli qimmatlashuv qayd qilingan. Tabiiyki, bu mahsulotlardagi qimmatlashuv eng ommabop bo‘lgan osh narxlariga ham ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi.

O‘zbekistonda palov narxi qancha?

Oktabr oyida mamlakat bo‘ylab palov narxi o‘rtacha 0,6 foizga qimmatlashdi. Buxoro, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida narx deyarli o‘zgarmagan — 0,1 foizgacha arzonlashish qayd etilgan. Bu asosan piyoz, sabzi, guro‘ch va no‘xat narxining biroz pasayishi bilan izohlanadi.

Avvallari O‘zbekistonda palovni 100 ming so‘mdan arzon tayyorlash mumkin bo‘lgan yagona hudud — Qoraqalpog‘iston edi. Endi esa shimoliy mintaqada ham palovning 1 kilosi 100 ming so‘mdan oshib ketdi.

Oktabr oyida palov narxining o‘sishiga asosiy ta’sir ko‘rsatgan omil — go‘sht narxining barcha hududlarda sezilarli darajada qimmatlashganidir. 100 ming so‘mdan arzon go‘sht faqat Qoraqalpog‘istonda qolgan, eng qimmat go‘sht esa Farg‘ona viloyatida — 113 ming 989 so‘m ( +1,9 foiz).

Hudud nomi

1 kg palov narxi (so‘m)

Qoraqalpog‘iston R.

100 196

Andijon viloyati

107 407

Buxoro viloyati

110 043

Jizzax viloyati

111 628

Qashqadaryo viloyati

113 693

Navoiy viloyati

111 410

Namangan viloyati

111 027

Samarqand viloyati

114 836

Surxondaryo viloyati

113 704

Sirdaryo viloyati

106 834

Toshkent viloyati

115 130

Farg‘ona viloyati

117 746

Xorazm viloyati

108 758

Toshkent shahri

119 423

Xizmatlar sohasidagi o‘zgarishlar

Xizmatlar yillik hisobda 8,7 foizga qimmatlashgan. Oxirgi bir yilda narxi yuqori darajada o‘sgan 30 ta mahsulotning 15 tasi aynan xizmatlar sohasiga tegishli. Eng ko‘p qimmatlashgan dastlabki uchta xizmat ham shu toifaga kiradi.

Xususan, haydovchilik kurslari narxining oshishi uch oydirki «trendda» turibdi. Avvalroq, Vaqt.uz bu masalada Toshkentdagi avtomaktablar narxlarini o‘rganib, nega bu qadar qimmat ekanini tahlil qilgan edi.

«Narxlari yuqori darajada o‘sgan 15 ta xizmatning 14 tasi yo monopolistlar (tan olingan yoki olinmagan) tomonidan ko‘rsatiladigan yoki narxi tartibga solinadigan xizmatlardir», — deb yozmoqda iqtisodchi Otabek Bakirov.

Bundan tashqari, ayrim hududlarda kommunal xizmatlar tariflarining oshirilishi narxlarga ta’sir qildi: maishiy chiqindilarni olib ketish — 4,3 foiz, issiq suv — 1,3 foiz va issiqlik ta’minoti — 2,7 foiz oshdi. Turar joylarga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash uchun materiallar narxlari oy davomida 0,5 foizga qimmatladi.

Dori vositalari 0,4 foizga, statsionar va ambulator davolash xizmatlari mos ravishda 0,3 va 0,2 foizga oshdi. Sog‘liqni saqlashning boshqa xizmatlari ham 0,3 foizga qimmatlashdi.

Yoqilg‘i va transport xizmatlari

Benzin narxi oy davomida 1,5 foizga, yil boshidan esa 7,4 foizga qimmatlashdi.

  • AI-80 — bir litri uchun 8 ming 400 – 9 ming 700 so‘m;

  • AI-91 va AI-92 — 10 ming 500 dan 13 ming 700 so‘mgacha;

  • AI-95 va AI-98 — 12 mingdan 18 ming so‘mgacha;

  • AI-100 — 20 ming 500 so‘m.

Propan narxi esa bir oyda 3,3 foizga oshgan. Metan ham oy hisobiga 0,1 qimmatlagan, ammo o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 30,5 foizga oshdi.

Oktyabrdan boshlab Toshkent va atrof shaharlarda elektr poyezd yo‘l haqi oshirildi. Umuman respublika bo‘ylab transport xizmatlari 2,5 foizga qimmatlashdi: shahar avtobuslarida yo‘l haqi 1,7 foiz, shaharlararo avtobuslarda 1,1 foiz oshdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 25-sentyabrdan Toshkent–Chinorkent yo‘nalishiga elektropoyezd narxlari 50 foizga oshishi va uning sababi haqida yozgan edik.

So‘mning mustahkamlanishi tufayli aviaqatnovlar 3,5 foizga, shaharlararo poyezd tariflari esa 0,2 foizga arzonlashdi.

Ta’lim sohasida ham narxlar o‘sishda davom etmoqda:

  • repetitorlik xizmati — +1,1 foiz;

  • chet tillari kurslari — +0,5 foiz;

  • xususiy bolalar bog‘chalari — +0,4 foiz.

    Oxirgi marta ilm-fan sohasida narxlarning keskin oshishi avgust oyida kuzatilgan edi — bu yangi o‘quv yili oldidan talab yuqori bo‘lgani bilan
    izohlangan edi.

Umumiy ovqatlanish xizmatlari 0,5−0,7 foizga qimmatlashdi, mehmonxona xizmatlari narxlari esa barqaror qoldi. Markaziy bank tomonidan e’lon qiladigan ko‘rsatkichlar bilan solishtiriadigan bo‘lsak, aholining inflyatsion kutilmalari orasida umumiy ovqatlanish xizmatlarida narxlar ortishidan havotilariga guvoh bo‘lishimiz mumkin. 

Pul o‘tkazmalari uchun komissiya 1,9 foizga tushdi, biroq elektron to‘lov tizimlari orqali o‘tkazmalarda 2,7 foizga oshdi. Avvalroq, Vaqt.uz 

8 ta viloyatda daromadlar o‘sishining yarmidan ko‘proq qismi aynan pul o‘tkazmalari hisobiga yuzaga kelgani haqida yozgan edi. Bu borada eng yuqori ko‘rsatkich Xorazm hamda Samarqand viloyatlarida qayd etilgan.


Hududlar kesimida ko‘rsatkichlar qanday?

Hududlar kesimida eng yuqori oylik inflyatsiya Andijon viloyatida qayd etildi — 0,9 foiz. Eng past ko‘rsatkich esa yetti hududda: Buxoro, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida kuzatilib, 0,5 foizni tashkil etdi.


Yanvar–oktyabr oylarida narxlarning eng katta o‘sishi Qoraqalpog‘iston va Farg‘ona viloyatlarida qayd etilgan — 6,2 foiz. Eng past ko‘rsatkich esa Toshkent shahrida bo‘lib, bu yerda narxlar 5,1 foizga oshgan.

Yillik inflyatsiya darajasi bo‘yicha Farg‘ona viloyati yetakchilik qilmoqda — 8,6 foiz, narxlarning eng sekin ko‘tarilishi esa Jizzax viloyatida kuzatilib, 7,1 foizni tashkil etdi.

Oktyabr oyida O‘zbekistonda umumiy inflyatsiya darajasi pasaygan bo‘lsa-da, aholining kundalik ehtiyojiga kiradigan mahsulot va xizmatlar narxlari sezilarli darajada oshgan. Ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlari — go‘sht, sabzavot, limon va meva narxlari hamda xizmatlar sohasidagi xarajatlar (ayniqsa haydovchilik kurslari va kommunal to‘lovlar) inflyatsiyani bosh omil sifatida shakllantirgan. Bu o‘zgarishlar palov narxi orqali ham yaqqol ko‘rinmoqda: barcha hududlarda osh narxi ko‘tarilib, hatto Qoraqalpog‘istonda ham 100 ming so‘mdan oshdi. Shu bilan birga, ayrim xizmatlarda — ayniqsa aviaqatnov va poyezd yo‘l haqlarida arzonlashish kuzatildi. Hududiy kesimda eng yuqori inflyatsiya Andijon viloyatida, eng pasti esa Toshkent shahrida qayd etilgan.

Umuman olganda, yil yakunlanishiga yaqin mamlakatda inflyatsiya bosimi pasaygan bo‘lsa-da, aholi uchun muhim iste’mol tovarlari va xizmatlardagi narx o‘sishi hali ham sezilarli bo‘lib qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvlaroq Markaziy bank raisi Temur Ishmetov asosiy stavka bo‘yicha matbuot anjumanida yaqin kelajakda inflyatsiya darajasini 5 foizgacha tushirishni maqsad qilinganini ta’kidlagan edi.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 9

Barchasi

Mavzuga oid

O‘zbekistonda oktabr inflyatsiyasi pasaydi, ammo narxlar o‘sishda davom etmoqda | Vaqt.uz