add

O‘zbekiston o‘smirlari jahon chempionatini g‘alaba bilan boshladi

Bugun 20:552341

Qatarda o‘tayotgan U-17 jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi Paragvay ustidan 2:1 hisobida zafar quchdi. G‘alabaga Azizbek Abdumo‘minovning ikki goli sabab bo‘ldi.

O‘zbekiston o‘smirlari jahon chempionatini g‘alaba bilan boshladi

Qatardagi «Aspire Zone» maydonida bo‘lib o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati (U-17) birinchi turida O‘zbekiston jamoasi Paragvay bilan to‘qnash keldi. Bellashuvda osiyo chempionlari raqibdan ustun kelib, muhim g‘alaba bilan musobaqani boshladi.

O‘yinning 25-daqiqasida Azizbek Abdumo‘minov jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda ham u yana bir bor raqib darvozasini ishg‘ol etib, dublini rasmiylashtirdi.

Paragvayliklar o‘yin oxirida faollashib, 89-daqiqada Ledesma penaltidan bitta gol qaytardi. Biroq bu natijani o‘zgartirish uchun yetarli bo‘lmadi va Islam Ismoilov shogirdlari uch ochko bilan musobaqani boshlashdi.

Guruhning boshqa bahsida Irlandiya Panamani 4:1 hisobida mag‘lub etgandi. Shunday qilib, birinchi turdan so‘ng Irlandiya va O‘zbekiston har ikkalasi ham uch ochkodan jamg‘arib, peshqadamlikni bo‘lishib turibdi.

Navbatdagi turda O‘zbekiston o‘smirlari 8 noyabr kuni guruh yetakchisi Irlandiyaga qarshi maydonga tushadi. Paragvay esa Panama bilan bellashadi. Bu o‘yinlar jamoalarning keyingi bosqichga chiqish imkoniyatlarini belgilab berishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid