
Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga tashrifi boshlandi
O‘zbekiston prezidentini AQSH Davlat kotibining o‘rinbosari Kristofer Landau, AQSH – O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm va boshqa rasmiylar kutib oldi.

Prezideni Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan 4 noyabr kuni amaliy tashrif bilan Vashington shahriga yetib bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
«Endryus» aviabazasida Mirziyoyevni AQSH Davlat kotibining o‘rinbosari Kristofer Landau, AQSH – O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Prezident amaliy tashrifini AQSHda ishlayotgan va ta’lim olayotgan bir guruh o‘zbekistonliklar bilan ko‘rishishdan boshladi. Ular bilan samimiy suhbatlashib, katta muvaffaqiyatlar tiladi.
Tashrifning asosiy tadbirlari 5-6 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Prezidenti Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashadi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining «C5+1» formatidagi sammitida ishtirok etadi.
Tadbirlar dasturidan AQSH Kongressi va hukumati vakillari bilan muzokaralar, ushbu mamlakat yetakchi kompaniyalarining rahbarlari bilan alohida uchrashuvlar hamda ishbilarmon doiralar ishtirokidagi davra suhbati ham o‘rin olgan.





