
Andijonda hokim o‘rinbosari pora bilan qo‘lga tushdi
Andijon viloyatida tuman hokimi o‘rinbosari 60 sotix yer uchun 15 ming dollar pora olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Andijon viloyatidagi tuman hokimi o‘rinbosari pora olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.
Uning fuqarodan yer ajratish va tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish uchun 15 ming dollar talab qilgani aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, hokim o‘rinbosari mansab mavqeyidan foydalanib, tuman hududidan o‘tgan yo‘l bo‘yidagi 400 metrlik suv yo‘lini yopiq tizimga o‘tkazgan. Bu harakat natijasida 60 sotix bo‘sh yer maydoni paydo bo‘lgan.
Ayblanuvchi mazkur yerda har biri 30 kvadrat metr bo‘lgan sakkizta savdo do‘koni qurish uchun yer ajratish va zarur hujjatlarni yuqori lavozimli tanishlari orqali rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Shu xizmatlar evaziga u fuqarodan 15 ming dollar talab qilgan va pulni qabul qilayotgan vaqtda ushlangan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda u kelishilgan miqdordagi pulni to‘liq olgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «a», «v» bandlari va 28, 211-moddasi 2-qismi «b» bandi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov doirasida u qamoq ehtiyot chorasi bilan ushlab turilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida tadbirkordan 35 ming dollar pora talab qilgan sobiq soliq xodimi qo‘lga olinganligi haqida xabar bergan edik.





