Bemorlardan asossiz olingan 200 mln so‘m, bolalar himoyasi bo‘yicha Bosh vazirga so‘rov va my.gov.uz'dagi yangi qulaylik — 29-sentabr dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.
© Фото: Бош вазир матбуот хизматиBosh vazirga bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish masalasi bo‘yicha senator so‘rovi yuborildi
Oliy Majlis Senati a’zosi Malika Qodirxonova tomonidan Bosh vazir Abdulla Aripovga voyaga yetmaganlar bilan ishlaydigan tashkilotlarga zo‘ravonlik jinoyatlarini sodir etgan shaxslarni ishga qabul qilishning oldini olish yuzasidan senator so‘rovi yuborildi. So‘rovda hukumatdan sog‘liqqa, jinsiy erkinlikka va axloqqa qarshi jinoyatlar sodir etgan shaxslarning maxsus reyestridan foydalanish holati, ushbu bazaga yuborilgan so‘rovlar statistikasi hamda reyestrga kiritilgan shaxslarning mehnat faoliyati bo‘yicha asoslantirilgan tushuntirishlar berish talab qilingan.
Ma’lumot o‘rnida, 2023 yilda qabul qilingan qonun va Prezidentning 2026 yil 3-martdagi (PF-33-sonli) farmoniga asosan, bolalarga qarshi jinoyat sodir etgan shaxslarning ta’lim, tarbiya, sog‘lomlashtirish va sport tashkilotlarida ishlashi qat’iyan taqiqlanib, ularning maxsus reyestrini yuritish va undan tashkilotlarning foydalanish tizimini takomillashtirish belgilangan edi. Biroq, senatorlarning ta’kidlashicha, amaliyotda mazkur qonunchilik talablarining ijrosi va nazorat mexanizmlarining qo‘llanilishida hanuzgacha qator tizimli muammolar va ochiq masalalar saqlanib qolmoqda.
Ayrim shifoxonalarda aholidan 200 mln so‘mdan ortiq pul asossiz olingani ma’lum bo‘ldi
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida Namangan, Samarqand va Navoiy viloyatlaridagi tibbiyot muassasalarida pulli xizmatlar ko‘rsatishda fuqarolardan jami 200 mln so‘mdan ortiq mablag‘ asossiz undirilgani aniqlandi. Jumladan:
- Namangan viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 2026 yilning fevral–aprel oylarida qiyoslovdan o‘tmagan UZI apparati orqali 416 nafar bemordan 34,3 mln so‘m;
- Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tuman sog‘liqni saqlash bo‘limida 2024–2025 yillar davomida narxlarni oshirib belgilash hisobiga 55,7 mln so‘m;
- Navoiy viloyatidagi Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filialida 2023–2025 yillarda 35 mln so‘mga yaqin ortiqcha mablag‘ olingan.
Mazkur qonunbuzilish holatlari yuzasidan yuqoridagi uchta tibbiyot muassasasiga nisbatan maxsus komissiyalar tomonidan ish qo‘zg‘atildi. Qo‘mita tomonidan tariflarni amaldagi qonunchilik talablari asosida qayta shakllantirish hamda 125 mln so‘mga yaqin mablag‘ni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.
Endi bank kartalarini bir joydan tekshirish imkoni paydo bo‘ladi
O‘zbekiston fuqarolari endi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali o‘z nomiga rasmiylashtirilgan barcha bank kartalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni bir joyda ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Yangi xizmat doirasida foydalanuvchilarga tegishli faol plastik kartalar bilan bir qatorda, turli bank ilovalari orqali masofadan ochilgan virtual kartalar ham aks etadi. Xizmatdan foydalanish uchun my.gov.uz portaliga avtorizatsiyadan o‘tib, «Bank kartalari» bo‘limini tanlash kifoya.
Ayni paytda mazkur tizim test rejimida ishlamoqda va unda faqat O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi tijorat banklari tomonidan chiqarilgan kartalar ko‘rsatiladi.





