Logo

Shavkat Mirziyoyev Eron Prezidentini tabrikladi

Ikki davlat yetakchisi telefon orqali muloqot qildi.

Shavkat Mirziyoyev Eron Prezidentini tabrikladi © Foto: president.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida O‘zbekiston rahbari Eron Pezidentini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat va mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

Muloqot davomida keng qamrovli hamkorlikni rivojlantirish, xususan, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni yanada faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston va Eron Prezidentlari mintaqaviy kun tartibi hamda bo‘lajak tadbirlar rejasi yuzasidan ham fikr almashdilar.

Ma’lumot uchun, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon 1954 yil 29-sentabrda Eronning G‘arbiy Ozarbayjon viloyatiga qarashli Mahobod shahrida tug‘ilgan. U Eron Islom Respublikasining 9-prezidenti hisoblanadi va bu lavozimga 2024 yil 30-iyul kuni rasman qasamyod qilib, kirishgan.

Mutaxassisligi bo‘yicha kardiojarroh (yurak jarrohi). Tabriz tibbiyot universitetini tamomlagan va keyinchalik ushbu oliygohning rektori lavozimida ishlagan. Uzoq yillar tibbiyot sohasida ishlagach, siyosatga kirib kelgan. 2001–2005 yillarda (sobiq prezident Muhammad Xotamiy davrida) Eron Sog‘liqni saqlash va tibbiy ta’lim vaziri lavozimida faoliyat yuritgan.

Ko‘p yillar davomida Eron parlamenti (Majlis) deputati sifatida Tabriz, Usku va Ozarshahr mintaqalari manfaatlarini himoya qilgan. 2016–2020 yillarda parlament raisining birinchi o‘rinbosari vazifasini bajargan. 2024 yil may oyida Eronning avvalgi prezidenti Ibrohim Raisiy vertolyot halokatida vafot etgach, mamlakatda muddatidan oldin prezidentlik saylovlari o‘tkazildi. Pezeshkiyon ushbu saylovda islohotchilar (mo‘tadillar) nomzodi sifatida ishtirok etdi. 2024 yil 5-iyul kuni bo‘lib o‘tgan saylovning ikkinchi (hal qiluvchi) bosqichida konservativ nomzod Said Jaliliy ustidan g‘alaba qozonib, prezident etib saylandi.

Teglar

Mavzuga oid

Shavkat Mirziyoyev Eron Prezidentini tabrikladi | Vaqt.uz