Logo

AQSH va Xitoy $60 mlrdlik tovarlarga tariflarni pasaytiradi

Bugun 09:002 daqiqa

Dunyodagi ikki yirik iqtisodiyot o‘rtasidagi tariflar pasaytirilmoqda. Bu qaror jahon bozorida tovarlar narxi va savdo oqimlariga ta’sir qilishi mumkin.

AQSH va Xitoy $60 mlrdlik tovarlarga tariflarni pasaytiradi

AQSH va Xitoy o‘zaro savdoda qiymati qariyb 60 milliard dollarlik tovarlarga tariflarni pasaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Ro‘yxatga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, maishiy texnika, o‘yinchoqlar va tibbiy jihozlar kiritilgan.

Har ikki davlat 30 milliard dollarlik tovarlarni tariflar bo‘yicha imtiyozli rejimga kiritishni taklif qilgan. Xitoyning ro‘yxatida AQSHdan import qilinadigan 1 619 turdagi mahsulot, AQSH ro‘yxatida esa Xitoydan import qilinadigan 77 turdagi tovar bor.

Xitoy AQSHdan keladigan makkajo‘xori, bug‘doy, sorgo (jo‘xorining bir turi), go‘sht, sut mahsulotlari, o‘simlik moylari, baliq va dengiz mahsulotlari, yog‘och, kosmetika hamda tibbiy jihozlarga nisbatan bojlarni kamaytirishni rejalashtirgan.

Biroq AQSH uchun muhim mahsulotlardan biri — soya — ro‘yxatga kiritilmagan.
AQSH esa Xitoydan import qilinadigan kichik maishiy texnika, idish-tovoq, ko‘rpa-to‘shak buyumlari, o‘yinchoqlar, feyerverklar, sport anjomlari va bayram bezaklariga tariflarni pasaytirishni ko‘zlamoqda.

Xitoy Savdo vazirligi ma’lum qilishicha, kelishuvga kiritilgan mahsulotlarning qariyb 90 foiziga tariflar eng ko‘p qulaylik beriladigan davlatlar uchun belgilangan stavkalar darajasiga tushiriladi. Bu choralar ikki davlat ichki huquqiy jarayonlarni yakunlagandan keyin amalga kiritiladi.

Shu bilan birga, Vashington va Pekin savdo sulhini 2027 yil 10-yanvargacha uzaytirishga kelishgan. Tomonlar keyingi muzokaralar uchun savdo sohasidagi muloqotni davom ettirishga ham kelishib olgan.

Kelishuv o‘tgan hafta Vashingtonda AQSH prezidenti Donald Tramp va Xitoy rahbari Si Szinpin o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin e’lon qilindi. Biroq ikki davlat o‘rtasidagi texnologik eksport nazorati va Tayvan masalasi kabi asosiy kelishmovchiliklar hali ham saqlanib qolmoqda.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, 60 milliard dollarlik tovarlar ikki davlat o‘rtasidagi umumiy tovar ayirboshlash hajmining nisbatan kichik qismini tashkil etadi. Shu sababli kelishuv savdo munosabatlaridagi ayrim tarif to‘siqlarini yumshatsa-da, keng qamrovli savdo kelishuvi hali hal qilinmagan.

Teglar

Mavzuga oid